Gruziyada mamlakat parlamentiga saylovda ovoz berish yakunlandi. Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan soat 17:00 holatiga saylovchilarning ishtirok etishi 50,6 foizni tashkil etgan (1,7 milliondan ortiq kishi).
Hukmron “Gruzin orzusi” partiyasidan Gruziya bosh vaziri Irakliy Kobaxidze ovoz berish jarayoni tugashidan oldinoq uning partiyasi saylovlarda katta ustunlik bilan g‘alaba qozonishi kafolatlanganini ma’lum qildi. U bu bayonotini saylov uchastkalaridan kelayotgan ma’lumotlarga asoslanib bildirdi.
“O‘zgarishlar uchun” muxolifat partiya koalitsiyasi yetakchilaridan biri Nika Meliya brifingda “Gruzin orzusi”ga qarshi bo‘lgan barcha to‘rtta muxolifat partiyasi 5% o‘tish to‘sig‘idan oshgani va parlamentdagi ko‘pchilikka umid qilishi mumkinligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “Gruzin orzusi” saylovchilarning 40% dan kam ovozini olgan.
Hokimiyatga yaqin “Imedi” telekanalining ekzit-poliga ko‘ra, “Gruzin orzusi” 56,1 foiz ovoz to‘plagan. Muxolifatdagi “O‘zgarishlar uchun koalitsiya” va “Birdamlik — milliy harakat” — 12,6% va 11,6% ovoz olgan. “Kuchli Gruziya” — 7%.
Muxolifatchi Mtavari kanali ma’lumotlariga ko‘ra, vaziyat boshqacharoq: “Gruzin orzusi” — 42%, “O‘zgarishlar koalitsiyasi” — 18%, “Birlik — milliy harakat” — 13%, “Kuchli Gruziya” — 9%, “Gaxariya — Gruziya uchun” — 8%.
Muxolifatdagi “Formula” telekanali tomonidan o‘tkazilgan ekzit-pol natijalari quyidagicha: “Gruzin orzusi” — 40,9%, “O‘zgarishlar uchun koalitsiya” — 16,7%, “Birdamlik — milliy harakat” — 16,7%, “Kuchli Gruziya” — 10,3%, “Gruziya uchun” — 8,2%.
Gruziya Markaziy saylov komissiyasi yaqin soatlar ichida saylov natijalari bo‘yicha dastlabki ma’lumotlarni e’lon qiladi.
Tadbirkor Bidzina Ivanishvili asos solgan “Gruzin orzusi” partiyasi 12 yildan beri mamlakatda hokimiyat tepasida turibdi. To‘rtta muxolifatchi kuch “Gruzin orzusi”ning asosiy raqiblari bo‘ldi. “Birlik — Milliy harakat” nomi ostida “Yagona milliy harakat”, “Agmashenebeli strategiyasi” va “Yevropa Gruziyasi” partiyalari bor. Shuningdek, ikkita alohida “O‘zgarishlar uchun koalitsiya” va “Kuchli Gruziya” alyansi tuzilgan. Ulardan alohida sobiq bosh vazir Georgiy Gaxariyning “Gruziya uchun” partiyasi saylovlarda ishtirok etmoqda.