26-oktabr kuni soat 1:40 atrofida Toshkent viloyatining Qibray tumanidagi Ifor ko‘chasida ikki noma’lum shaxs harakatdagi Range Rover rusumli yo‘ltanlamas avtomobilga o‘qotar quroldan bir necha marta o‘q uzib, voqea joyidan qochib ketgan. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Xabar qayd etilishicha, mashinani fuqaro S.S. boshqargan. Ushbu holatda xech kim tan jarohati olmagan. Qurol turi aniqlashtirilmagan.

Bir qator internet nashrlarida avtomobilda Komil Allamjonov bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi. U yaqin vaqtgacha Prezident administratsiyasining Axborot siyosati departamenti rahbari, undan oldin esa Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi boshlig‘i hamda prezident matbuot kotibi lavozimlarida faoliyat yuritgan edi. Xabarlarda Komil Allamjonovning uyi yaqinida mashinaga o‘q uzilgani aytilgan.

“Gazeta.uz”ning huquqni muhofaza qilish organlaridagi manbalari mashinada haydovchidan tashqari Komil Allamjonov ham bo‘lganini tasdiqladi.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Gumon qilinuvchi shaxslarni aniqlash va ushlash yuzasidan tezkor-qidiruv tadbirlari amalga oshirilmoqda. Hozirda tegishli idoralarning malakali xodimlaridan iborat tezkor-tergov guruhi tuzilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

“Gazeta.uz”ning Qibraydagi manbalari ma’lum qilishicha, ertalab ko‘chalarda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning ko‘p sonli xodimlarini ko‘rish mumkin bo‘lgan.

Suhbatdoshlardan biri IIB xodimlari undan uyining oldidagi kuzatuv kameralaridan olingan videoyozuvlarni so‘raganini aytib o‘tdi.