26-oktabr kuni ertalab Rossiyaning Lipetsk viloyatidagi 2-sonli jazoni o‘tash koloniyasidan olti mahbus qochib ketdi. Bu haqda Lipetsk viloyati hokimi Igor Artamonov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, jinoyatchilarni qidirishga barcha tezkor-qidiruv xizmatlari, jumladan, Federal jazoni ijro etish xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Rosgvardiya va Federal xavfsizlik xizmati xodimlari jalb etilgan. FJIEX ma’lumotiga ko‘ra, koloniya hududida yer osti yo‘lagi (lahim) topilgan.

Mahbuslar qochgan 65 metrlik lahim. Foto: Mash

Hokim mahalliy aholini ijtimoiy tarmoqlarda mahbuslarning qochishi munosabati bilan paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan feyklar haqida oldindan ogohlantirdi. Artamonovning fikricha, bunday soxta ma’lumotlarni Ukraina Qurolli Kuchlari tarqatadi.

“Bunday yangilik xavotir uyg‘otishi mumkinligini tushunaman, lekin vahimaga tushmasligingizni so‘rayman. Alohida ta’kidlashni istardimki, biz qochish bilan bog‘liq ko‘plab uydirma va soxta xabarlarni kutmoqdamiz. Axborot urushi davom etmoqda va Ukraina Qurolli Kuchlari bu vaziyatdan foydalanish imkoniyatini qo‘ldan boy bermaydi”, — deydi hokim.

Tergov qo‘mitasi mahbuslarning qochgani uchun e’tiborsizlik (Jinoyat kodeksining 293-moddasi) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Tergov versiyasiga ko‘ra, bu “koloniya xodimlari o‘z xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmaganligi” sababli yuz bergan.

Mash va Baza`ning xabar qilishicha, qochganlar Markaziy Osiyo, jumladan, o‘zbekistonlik. Telegram kanallarning ma’lumotiga ko‘ra ular quyidagilar:

  • Baxtiyor Jumayev — 1996-yilda tug‘ilgan, fuqaroligi keltirilmagan. Nomusga tegishda ayblanib, sudlangan;
  • Dilshod Arslonov — 1996-yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi. 16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilgani uchun sudlangan;
  • Davron Jabborov -1997-yilda tug‘ilgan Tojikiston fuqarosi. Nomusga tegishda ayblanib, sudlangan;
  • Turg‘un Abdullayev — 1997-yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi. Nomusga tegishda ayblanib, sudlangan;
  • Xurshidbek Daniyev — 2005-yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi. Giyohvand moddalarni tarqatish moddasi bo‘yicha sudlangan;
  • Parvozbek Turabayev — 2005-yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi. Giyohvand moddalarni tarqatish moddasi bilan sudlangan.

Biroq yuqoridagi ro‘yxat rasman tasdiqlanmagan.

Rossiya IIV xabar berishicha, Lipetskdagi IK-2 koloniyasidan qochgan mahbuslardan ikkitasi Tambov viloyatining Petrovka qishlog‘ida qo‘lga olingan. Keyinroq Igor Artamonov yana ikki mahbus Lipetskda ushlanganini ma’lum qildi.