YandexGo, Yandex Eats hamda Express24 ustun mavqega (monopol) ega raqamli platforma operatorlari sifatida e’tirof etildi. Bu haqda Raqobat qomitasi xabar qildi.

Raqobat qo‘mitasining tegishli buyrug‘i bilan taksi agregatori xizmatlari bozorida YandexGo UB kompaniyasi hamda tayyor ovqat va boshqa iste’mol mahsulotlarini buyurtma berish va yetkazib berish agregatori xizmati bozorida Yandex Eats va Express24 APP kompaniyalari ustun mavqega ega raqamli platforma operatorlari deb e’tirof etildi.

Qo‘mita YandexGo va Yandex Eats tomonidan yangi tartibga solish hujjatlari talablarini bajarilishini olqishini ma’lum qildi.

Shuningdek, Qo‘mita tomonidan ustun mavqega ega raqamli platforma operatorlari ularning faoliyatini raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq, ustun mavqeini suiiste’mol qilish holatlarini oldini olish maqsadida majburiy tartibda Monopoliyaga qarshi komplayens tizimi joriy etiladi va tegishli tartibda monitoring o‘tkazib borilishi ma’lum qilinadi.

Avvalroq Yandex Uzbekistan Express24 aktivlarining bir qismini sotib olishi haqida xabar berilgandi.

Ustun mavqe — bu tovar yoki moliya bozorida xo‘jalik yurituvchi subyektning yoxud shaxslar guruhining raqobatlashuvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlarga bog‘liq bo‘lmagan holda unga o‘z faoliyatini amalga oshirish va raqobatning holatiga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatish, tegishli bozorga boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarning kirishini qiyinlashtirish yoxud ularning iqtisodiy faoliyat erkinligini boshqacha tarzda cheklash imkoniyatini beradigan holat. Agar kompaniya yoki shaxslar guruhining bozor ulushi 40 foiz yoki undan yuqori bo‘lsa, shuningdek, boshqa hollarda mahsulot yoki moliya bozoridagi ustun mavqe tan olinadi.