O‘zbekistonda 27-oktabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda xalq deputatlari viloyat, shahar va tuman kengashlariga saylovlari bo‘lib o‘tdi. Mamlakatdagi saylov uchastkalari 20:00 da yopildi.

“Gazeta.uz” muxbirlari ovoz berish jarayoni yakunlanishiga yarim soatcha qolganida, Yashnobod tumani 307-maktabda tashkil etilgan 621-saylov uchastkasiga bordi va saylov jarayonining so‘nggi qismini kuzatdi. Soat 20:00 bo‘lishi bilan mas’ullar saylov uchastkasi yopilganini e’lon qildi.

Shundan keyin saylov komissiyasi a’zolari muddatidan avval ovoz bergan saylovchilarning byulletenlarini saylov qutisiga tashladi. So‘ng saylov qutisi, shuningdek, nogironligi bo‘lgan yoki o‘zgalar parvarishiga muhtojligi tufayli saylov uchastkasiga kela olmagan saylovchilarning byulletenlari yig‘ilgan kichik quti alohida xonaga olib kirildi.

U yerda har ikkala qutidagi byulletenlarni stolga yoyildi. Shundan so‘ng byulletenlarni Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga bir mandatli okruglar bo‘yicha, partiyalar ro‘yxati bo‘yicha, shuningdek, xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi va Yashnobod tuman kengashi kesimida alohida sanab, saralash boshlandi.

Jarayonni to‘liq quyidagi videodan tomosha qilish mumkin:

Ma’lumot uchun, 2024-yilgi parlament saylovlari bo‘lib o‘tgan deb topildi — soat 17:00 holatiga ko‘ra, 19,9 mln saylovchining 14,2 mln nafari yoki 71,52 foizi ovoz berib bo‘lgan edi. Eng past — 62,39 foiz ko‘rsatkichli davomat Toshkent shahrida kuzatildi.

Oliy sud vakili Toshkent shahri va Samarqand viloyatida saylov qonunchiligi buzilishi yuzasidan ikkita ma’muriy ish ko‘rib chiqilganini ma’lum qildi. Bitta holatda fuqaro jarimaga tortilgan.