O‘zbekistonda 27-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan deputatlar saylovida ovoz berish uchun saylov uchastkasiga mustaqil ravishda kela olmaydigan 46 319 nafar o‘zgalar parvarishiga muhtoj saylovchi ro‘yxatga olingan edi. Uchastka saylov komissiyalarining a’zolari tibbiyot xodimlari va mahalla idorasi vakillari hamrohligida ularning xonadonlariga bordi.
“Gazeta.uz” Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 16-saylov komissiyasi a’zolari bilan birga shunday saylovchilardan ikki nafarining xonadonida bo‘ldi. Ulardan birinchisi (ayol kishi) uchun uning oila a’zolaridan biri saylov byulletenlaridagi nomzodlarning ism-shariflari va partiyalarini o‘qib berdi. “Biz ular haqida bilmaymiz, hech qayerda ma’lumot yo‘q”, — dedi saylovchining qarindoshi. Yakunda saylovchi “Bismilloh!” deya byulletenlarni qutiga tashladi.
Ikkinchi saylovchi (erkak kishi) ham “o‘zi kimlar bor, kimga ovoz berish kerak?”, deb so‘radi. Uning oila a’zolaridan biri: “Nomzodlaringiz orasida ayollar ham bormi?”, deb so‘radi. Saylov uchastkasi a’zolari partiyalar haqida ma’lumot bergach, saylovchi ulardan: “O‘zingiz qaysi birini tavsiya qilasiz?”, deb so‘radi. Uchastka a’zosi tavsiya berish va da’vat qilishga haqi yo‘qligini, saylovchi o‘zi mustaqil tanlov qilishi kerakligini aytgach, saylovchi: “Men — sotsialistman!”, dedi.
U o‘z byulletenlarini saylov qutisiga tashlarkan, uchastka saylov komissiyasi a’zolariga hazillashib: “Yo‘l-yo‘lakay yana ovozimni o‘zgartirib qo‘ymanglar”, dedi. Jarayon qanday kechganini quyidagi videoreportajda tomosha qilish mumkin.
Avvalroq boshqa bir materialda saylov uchastkalarida nogironligi bor shaxslar uchun qanday sharoitlar yaratilgani haqida ma’lumot berilgan edi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda nogironligi bor 831 ming saylovchi ro‘yxatga olingan. Ularning saylovda ishtirok etishi uchun uchastkalarda maxsus kabinalar tashkil etilgan, ko‘rish imkoniyati cheklanganlar uchun lupa va fonarlar sotib olingan, foydalanish uchun Brayl shriftli traferatlar tayyorlab qo‘yilgan edi.