Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 18 yoshdan oshgan nogironligi bo‘lgan shaxslar soni 831 738 nafarni tashkil etadi. Shundan 105 404 nafar fuqaroga ovoz berishda yordam kerak bo‘ladi. Ularning 26,4 mingdan ortig‘i ko‘zi ojiz, 12,2 ming nafari zaif eshituvchi yoki kar, 20,3 ming nafari harakatlanishda qiynaladigan, 46,3 ming nafari esa umuman harakatlana olmaydigan shaxslardir. Ular haqidagi ma’lumotlar fuqarolar ro‘yxatga olingan joydagi har bir saylov uchastkasiga yuborilgan.
Har bir saylov uchastkasida okrug hududida yashovchi harakatlana olmaydigan saylovchilarning alohida ro‘yxati mavjud. Saylov komissiyasi a’zolari fuqarolarning ovoz berishlari uchun ularning uylariga ko‘chma qutichalar bilan borishadi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi “Gazeta.uz”ga aholi zich joylashgan tumanlarda nogironligi bo‘lgan saylovchilar uchun bepul transport tashkil etilganini ma’lum qildi. Ta’kidlash joizki, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun shaharlardagi jamoat transporti, agar tashish davlat operatori tomonidan amalga oshirilsa yoki bunday shartlar xususiy tashuvchi bilan kelishilgan bo‘lsa, doimo bepul bo‘ladi.
“Ko‘ngillilar va mahalliy faollar saylov uchastkalariga kirish va chiqishda yordamga muhtoj bo‘lgan saylovchilarga ko‘maklashishga jalb qilinmoqda”, — deyiladi xabarda.
Uchastkalarda nogironligi bo‘lgan saylovchilarning ovoz berishi uchun maxsus kabinalar o‘rnatilgan. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi fuqarolar uchun lupa va chiroqlar sotib olingan, barcha uchastkalar imkon qadar birinchi qavatlarda tashkil etilgan.
“Gazeta.uz” muxbirlari o‘zlari borib o‘rgangan barcha saylov uchastkalarida nogironlik aravachasidagi insonlar uchun kabinalar borligiga guvoh bo‘lishdi. Ko‘pgina uchastkalar panduslar bilan ham jihozlangan, ammo ularning qiyalik burchagi poytaxtning aksariyat jamoat joylaridagi kabi juda tik.
YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) missiyasi rahbari Duglas Ueyk tashrif buyurgan Toshkent shahri markazidagi “Oqibat” mahalla fuqarolar yig‘ini binosidagi 16-saylov uchastkasida ko‘zi ojizlar uchun taktil plitka, shuningdek, binoning infratuzilmasi haqida Brayl alifbosida ma’lumot mavjud.
“Gazeta.uz” muxbirlari 110-maktab binosida joylashgan 105-saylov uchastkasida ko‘zi ojizlar uchun Brayl alifbosida yozilgan byulletenlar borligiga guvoh bo‘lishdi.