O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar (viloyatlar, tumanlar va shaharlar) deputatligiga saylov 27-oktabr kuni soat 8:00 dan 20:00 ga qadar bo‘lib o‘tadi. Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizamxodjayev yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda saylov bo‘yicha ba’zi statistik ma’lumotlarni taqdim etdi.

  • Joriy saylovning shiori: “Mening tanlovim — obod Vatanim!”
  • O‘zbekistonda 11 028 ta saylov uchastkasi faoliyat ko‘rsatmoqda.
  • O‘zbekistonning 40 ta xorijiy davlatdagi diplomatik va konsullik muassasalari huzurida 57 ta saylov uchastkalari ochilgan.
  • Ovoz berish birinchi bo‘lib (Toshkent vaqti bilan 4:00 da) O‘zbekistonning Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Malayziya, Singapur, Indoneziya, Tailand va Hindistondagi vakolatxonalari huzurida tashkil etilgan saylov uchastkalarida boshlandi.
  • Oxirgi bo‘lib AQShdagi uchastkalar yopiladi (dushanba kuni Toshkent vaqti bilan 5:00 da).
  • Jami 19 944 859 nafar saylovchi ro‘yxatga olingan. Xorijda 165 631 nafar saylovchi ro‘yxatga olingan.
  • Saylovda ilk bor elektron ovoz berish tizimi sinovdan o‘tkazilmoqda. U Toshkent shahridagi 10 ta uchastkada mavjud.
  • Parlamentga saylovlar birinchi marta aralash tizim asosida o‘tkaziladi: bu tizim Qonunchilik palatasi deputatlarining 75 tasini bir mandatli saylov okruglaridan majoritar saylov tizimi bo‘yicha, qolgan 75 tasini esa partiya ro‘yxati bo‘yicha proporsional saylov tizimi orqali saylash imkonini beradi.
  • Saylovda ro‘yxatdan o‘tgan barcha 5 ta siyosiy partiya ishtirok etmoqda: Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, O‘zbekiston Ekologik partiyasi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi va O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi.
  • Qonunchilik palatasiga jami 875 nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar kengashlariga jami 3 625 nafar, xalq deputatlari tuman va shahar kengashlariga jami 24 850 nafar nomzod ko‘rsatildi.
  • 22-sentabrdan 25-oktabrga qadar o‘tkazilgan saylovoldi tashviqoti davrida siyosiy partiyalar va ularning nomzodlari tomonidan qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilmadi., deya ma’lum qildi MSK.
  • 16−23-oktabr kunlari bo‘lib o‘tgan muddatidan oldin ovoz berishda O‘zbekistonda 1 015 948 kishi, xorijda 132 667 kishi ovoz berdi.
  • Saylovni 800 dan ortiq xorijiy va xalqaro kuzatuvchilar kuzatib bormoqda.
  • Siyosiy partiyalardan 55 ming nafar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan 10 ming nafardan ziyod kuzatuvchi saylovni bevosita kuzatib bormoqda.
  • Tuman va shaharlardagi ayrim uchastkalarda, avvalgi saylovlardagidek, videokameralar o‘rnatildi. Ovoz berish jarayonini MSK saytida kuzatish mumkin: saylov.uz.
  • Mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarining jami 1 068 nafar vakili akkreditatsiyadan o‘tkazildi.