Gruziyada 26-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida byulletenlarning 99,2 foizi ko‘rib chiqilgach, hukmron “Gruziya orzusi” 54,23 foiz ovoz bilan yetakchilik qilmoqda.
Markaziy saylov komissiyasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, muxolifatdagi “O‘zgarishlar koalitsiyasi” 10,8 foiz ovoz oldi.
Gruziyaning sobiq prezidenti Mixail Saakashvili tuzgan muxolifatchi “Milliy harakat” partiyasi a’zo bo‘lgan “Gruziyani qutqarish uchun birlik” koalitsiyasi 10,1 foiz ovoz to‘pladi.
Tadbirkor va TBC Bank asoschisi Mamuka Xazaradzening “Lelo” partiyasi atrofida birlashgan “Kuchli Gruziya” 8,7 foiz ovozga ega.
Gruziyaning sobiq bosh vaziri Giorgiy Gaxariya boshchiligidagi “Gruziya uchun” partiyasi 7,7 foiz ovoz oldi.
Boshqa partiyalar 5 foizli to‘siqdan o‘tolmadi.
Saylov uchastkalari yopilish vaqtida saylovchilarning 58,94 foizi ishtirok etdi, jami 2 million saylovchi ovoz berdi.
“Gruziyani qutqarish uchun birlik” va “O‘zgarish uchun koalitsiya” saylov natijalarini tan olmasligini va norozilik namoyishlarini boshlash niyatida ekanini bildirdi.
Transparency International Georgia ijrochi direktori Eka Gigauri ham saylov natijalarini tan olmaganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qarorni ko‘plab nodavlat tashkilotlar qo‘llab-quvvatlamoqda.
Tarixiy saylovlar
Saylovda ishtirok etayotgan barcha partiyalar, ekspertlar va ommaviy axborot vositalari ushbu saylovlarni mamlakat tarixidagi eng muhimi, deb hisoblamoqda.
Prezident Salome Zurabishvili saylovlarni “kelajagimiz Yevropada bo‘ladimi yoki biz Rossiyaning ta’siri ostida bo‘ladimi, shuni belgilaydigan burilish nuqtasi” deb atadi.
“Gruzin orzusi” ovoz berishni “urush va tinchlik o‘rtasidagi referendum” sifatida taqdim etdi, ularning so‘zlariga ko‘ra, muxolifat va qandaydir “global urush partiyasi” Gruziyani jalb qilmoqchi. Saylovoldi tashviqotida partiya Ukrainaning vayron bo‘lgan shaharlari tasvirlangan bannerlar va roliklardan foydalangan, ularga tinch Gruziya shaharlari qarshi qo‘yilgan.
So‘nggi bir yil ichida “Gruzin orzusi” ko‘proq Rossiya tarafdori pozitsiyasini egalladi va Rossiya qonunlaridan nusxa oluvchi bir qator qonunlarni qabul qildi. Masalan, may oyida Gruziya parlamenti ommaviy noroziliklarga qaramay, “xorijiy agentlar to‘g‘risida”gi qonunni qabul qildi. Bu G‘arb mamlakatlarining salbiy munosabatiga olib keldi — bunga javoban Yevropa Ittifoqi Gruziyaning blokka qo‘shilish jarayonini to‘xtatdi, AQSh esa mamlakatning o‘nlab fuqarolariga, jumladan, deputatlar va ichki ishlar xodimlariga viza cheklovlarini kiritdi.
“Gruzin orzusi” asoschisi, milliarder Bidzina Ivanishvili ham Gruziya 2008-yilgi harbiy mojaro uchun osetinlardan kechirim so‘rashga o‘zida kuch topishini aytdi. U Rossiya agressiyasi haqida gapirmadi.