27-oktabr — Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida hududlar rahbarlari ham faol ishtirok etishdi. “Gazeta.uz” ularning saylov uchastkalaridagi suratlarini to‘pladi.

Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov birinchilardan bo‘lib saylovda ovoz berdi. U Samarqand shahridagi 42-umumiy o‘rta ta’lim maktabida joylashgan 144-saylov uchastkasida ovoz bergan.

Foto: Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmatiFoto: Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmati

Mazkur saylov uchastkasida shahardagi Bog‘dod, Orzu, Rahmatobod mahallalarida yashovchi 2951 nafar fuqaro ovoz berishi ko‘zda tutilgan. Ularning 29 nafari ilk bor saylovda ishtirok etmoqda.

Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov ham saylov uchastkasi ochilishi bilan ovoz berishga keldi. U bir guruh fuqarolar bilan madhiya kuyladi.

Foto: Andijon viloyati hokimligi axborot xizmatiFoto: Andijon viloyati hokimligi axborot xizmati

Hokim uchastkaga kelgach, deputatlikka nomzodi ko‘rsatilgan fuqarolar tarjimai holi bilan tanishdi va shundan so‘ng ovoz berdi. U barcha saylovchilarga omad tiladi.

Sirdaryo viloyati hokimi Akmal Mahmudaliyev Guliston shahridagi 15-saylov uchastkasiga borib, saylovda ovoz berdi.

Foto: Shahriyor Ortiqboyev / O‘zAFoto: Shahriyor Ortiqboyev / O‘zA

Shundan so‘ng viloyat hokimi saylov uchastkasida nuroniylar, ilk marta ovoz berayotgan yoshlar bilan bugun o‘tkazilayotgan saylovlar haqida suhbatlashdi.

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Termiz shahri “Yoshlar markazi” binosida tashkil etilgan uchastkada ovoz berdi.

Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmatiFoto: Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmati

Qayd etilishicha, viloyatda ayni paytda 865 ta saylov uchastkasida ovoz berish jarayonlari bo‘lib o‘tmoqda.

Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov Navoiy shahridagi 6-saylov uchastkasida ovoz berdi. Hokim barchani saylovlarda faol ishtirok etishga chaqirishini aytgan.

Foto: Navoiy viloyati hokimligi axborot xizmatiFoto: Navoiy viloyati hokimligi axborot xizmati

Mazkur saylov uchastkasida 2710 nafar saylovchining ro‘yxati shakllantirilgan. Ularning 12 nafari muddatidan oldin ovoz bergan.

Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev Nurafshon shahridagi 7-saylov uchastkasida fuqarolik huquqidan foydalanib, o‘zi munosib deb bilgan nomzodlarga ovoz berdi.

Foto: Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmatiFoto: Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati

Hokim saylov bepul ta’lim olish, davolanish va pensiya olish kabi huquqlar qatorida turuvchi muhim huquq ekanini qayd etgan.

Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov Buxoro shahridagi 49-saylov uchastkasida ovoz berdi.

Foto: Tohir Istatov / O‘zAFoto: Tohir Istatov / O‘zA

49-saylov uchastkasida “Furqat”, “Ibn Sino” MFYdan 1 ming 928 nafar ovoz beruvchilar ro‘yxatga olingan. Hududdagi 106 nafardan ortiq ovoz beruvchilar muddatidan oldin ovoz berdi.

Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov oila a’zolari bilan saylovda qatnashdi. Ular Qarshi shahridagi 4-saylov uchastkasida nomzodlarga ovoz berishdi.

Foto: Qashqadaryo viloyati hokimligi axborot xizmatiFoto: Qashqadaryo viloyati hokimligi axborot xizmati

Hokim va uning oila a’zolari fuqarolik huquqidan foydalanib, o‘zlari munosib deb bilgan nomzodlarga ovoz berishdi, deyiladi hokimlik xabarida.

Shuningdek, Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzaqov Yunusobod tumanidagi 434-saylov uchastkasida ovoz berdi.

Foto: Mirolim Isajonov / “Gazeta.uz”Foto: Mirolim Isajonov / “Gazeta.uz”

U ovoz berish jarayoni tashkil etilgan sport zaliga kirib kelarkan, saylov “Bayram bilan!”, — deb olqishlagan.

Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov Yangi Namangan tumanidagi 119-saylov uchastkasida ovoz berdi.

Namangan viloyati hokimligi axborot xizmatiNamangan viloyati hokimligi axborot xizmati

60-sonli maktabda tuzilgan saylov uchastkasida 2900 nafar fuqaro ro‘yxatga olingan. Ayni paytda viloyatda mavjud 837 ta saylov uchastkasida saylov jarayonlari davom etmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi boshlig‘i Amanbay O‘rinbayev Nukus shahridagi 7-sonli saylov uchastkasida deputatlarga ovoz berdi.

Foto: Jo‘qorg‘i Kenges axborot xizmatiFoto: Jo‘qorg‘i Kenges axborot xizmati

Ushbu uchastkada 2602 nafar saylovchi tizimdan o‘tgan. Ulardan 38 nafari birinchi marta saylovda qatnashayotgan yoshlradi.