Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Yakkasaroy tumani “Konstitutsiya” mahallasidagi 576-saylov uchastkasida nabirasi bilan birga ovoz berdi. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti binosida joylashgan uchastkada u shvetsiyalik Yoxanssen Piter Lull va hindistonlik Joti Aror kuzatuvchilarini kutib oldi.
Tanzila Norboyeva “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida ovoz berishda ishtirok etish muhimligini ta’kidladi.
“Har bir inson bugun saylovlarda, parlament saylovlarida ovoz berib, bundan oldin prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tgan bo‘lsa, o‘z kelajagi va kelajak hayoti uchun ovoz berayotganini anglab yetishi kerak… Parlament va xalq deputatlari mahalliy kengashlariga saylanadigan shaxslar davlat uchun muhim bo‘lgan qarorlar, qonunlar qabul qiladi. Va bu, albatta, har bir insonning hayoti: bu siyosiy xarakterdagi yoki ijtimoiy-iqtisodiy yo‘nalishdagi masalalarga taalluqli qonunlar bo‘ladimi, ularning barchasi har bir insonning hayotiga mutlaqo aloqador”, — dedi parlament yuqori palatasi raisi.
“Shuning uchun bu juda muhim va shu sababli Saylov kodeksiga har bir kishi o‘zi uchun o‘zi ovoz berishi kerakligi haqida o‘zgartirishlar kiritildi”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Tanzila Norboyeva o‘tgan besh yil davomida avvalgi parlament “mamlakatimizning kelajagini belgilab bergan” muhim qonunlar qabul qilganini ta’kidladi.
“Biz yaqinda parlamentning yuqori palatasi ishini sarhisob qildik. Biz buni ochiq amalga oshirdik, uni YouTube kanallari orqali ko‘rish mumkin edi… Barcha taraqqiyot, amalga oshirilayotgan barcha islohotlar aynan qabul qilingan qonunlar, qabul qilingan parlament qarorlari asosida amalga oshirilmoqda”, — dedi Senat raisi.
Parlamentning roli juda katta, deb ta’kidladi u: “Parlament nafaqat qonunlar qabul qiladi, balki joylarda, hududlarda nazorat funksiyalarini ham amalga oshiradi. Parlament a’zolarimizning faolligini, mahalliy darajadagi deputatlarimizning faolligini hisobga olgan holda aytish mumkinki, ular davlatimiz taraqqiyotida juda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan”.