Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizamxodjayev deputatlikka nomzodi ko‘rsatilgan fuqarolarning 99,3 foizi oliy ma’lumotli ekanini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, nomzodlar orasida iqtisodchilar 20,2 foiz, pedagoglar 27,9 foiz, muhandislar 7,9 foiz, shifokorlar 9,1 foiz, huquqshunoslar 16,5 foiz, tadbirkor, fermer va boshqa soha vakillari 18,4 foizni tashkil etadi.

Qonunchilik palatasi deputatligiga siyosiy partiyalardan ko‘rsatilgan nomzodlar orasida ayollar soni 391 nafarni yoki 44,7 foizni tashkil etdi. Bu O‘zbekiston saylov tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir, deyiladi bayonotda.

Ta’kidlanishicha, avvalgi saylovlarga qaraganda nomzodlar ancha yoshargan. Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarning o‘rtacha yoshi 47,2 yosh. Ulardan 44,2 foizi 45 yoshgacha bo‘lganlar, 44,3 foizi — 45−60 yoshdagilardir. Nomzodlar orasida eng yoshi 25 yosh.

O‘zbekistonda yashayotgan aksariyat millat va elatlarning vakillari ham deputatlikka nomzodlar orasida bor. Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlarning 973 nafari tojik, 588 nafari qozoq, 146 nafari turkman, 141 nafari qirg‘iz, 67 nafari rus va boshqa millatlarni tashkil etadi.

O‘zbekiston tarixida birinchi marta siyosiy partiyalar tomonidan barcha darajadagi deputatlik o‘rinlariga 100 foiz nomzodlar ko‘rsatildi. Bu galgi saylovlarda Qonunchilik palatasiga jami 875 nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar kengashlariga jami 3 625 nafar, xalq deputatlari tuman va shahar kengashlariga jami 24 850 nafar nomzod ko‘rsatildi.