2024-yilgi saylovda Farg‘ona viloyatining eng keksa ayoli — 129 yoshli Huvaydo momo Umarova ham ovoz berdi. Buvayda tumani “Qoraqum” mahallasida joylashgan 470-saylov uchastkasi a’zolari 1895-yilda tug‘ilgan, uch asrni ko‘rgan onaxonning xonadoniga keldi. “Momo siyosiy jarayonda ishtirok etdi, yurtimizga tinchlik va omonlik tilab duolar qildi”, — deya xabar bermoqda O‘zA (agentlik, shuningdek, “mamlakatimizdagi eng keksa saylovchi” 124 yoshli Biybixon momo Hakimniyazova ham ovoz bergani haqida yozgan).

Huvaydo momo o‘z uyida ovoz bergan bo‘lsa, Surxondaryoning Sherobod tumani “Taroqli” mahallasida yashovchi 110 yoshli Soyib momo Choriyeva tumandagi 81-saylov uchastkasiga borib, o‘zi ovoz berdi. “Ushbu saylovda yosh avlodning kelgusi farovon, osuda va to‘kin turmushi, nevara-chevaralarimizning baxtu-saodati uchun ovoz berdim”, — deya momoning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda O‘zA.

Foto: O‘zAFoto: O‘zA

Karmana tumanidagi “Do‘mron” mahallasida yashovchi Ikkinchi Jahon urushi qatnashchisi, 104 yoshli Pirnazar bobo Turdiyev ham tumandagi 96-saylov uchastkasiga kelib ovoz berdi. Otaxonning aytishicha, bunday voqelikka faqat befarq odamgina jim qarab turishi mumkin. “Shuning uchun ham birov uyga borishini kutib o‘tirmay o‘zim kelaverdim”, — deydi Pirnazar bobo.

Foto: O‘zAFoto: O‘zA

Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumani “Shahrixonsoy” mahallasi Ziyonur ko‘chasida yashovchi 100 yoshli Chinnixon ona Ashurova tumandagi 5-maktabda tashkil etilgan 863-saylov uchastkasiga 27 nafar oila-a'zolari — farzandlari, kelin, nevara va chevaralari bilan kelib, ovoz berdi. Onaxon 25 bor saylovlarda ishtirok etayotganligini ta’kidlab, kelgusi saylovlarda ham qatnashishni niyat qildi.

Foto: O‘zAFoto: O‘zA

Qarindoshlari bilan birga saylov uchastkasiga kelib ovoz berish bo‘yicha, ehtimol, andijonlik Qambarali bobo Ibragimov oilasiga teng keladigani topilmagan bo‘lsa kerak. 88 yoshli otaxon jami 70 nafar oila a’zosi bilan Baliqchi tumanidagi 292-saylov uchastkasiga borgan. “1958-yildagi birinchi saylovga qatnashganimni eslayman. Qiyin davrlar edi. O‘shanda odamlar orasida saylovga yalangoyoq kelganlari ham bo‘lgandi”, — deb eslaydi ota.

100 yoshdan oshganlar, foto, saylov-2024

Ayrim saylov uchastkalariga shu kuni to‘yi bo‘layotgan yosh kelin-kuyovlar ko‘tarinkilik olib kirdi. Masalan, Qashqadaryoning Ko‘kdala tumani “Beglamish” qishlog‘ida joylashgan 765-saylov uchastkasiga saylov kuni nikoh to‘yi bo‘lib o‘tayotgan Og‘abek Jo‘rayev va Hulkaroy Normurodova, Dehqonobod tumani Tog‘aytemir qishlog‘idagi 200-saylov uchastkasida esa Davron Imomov va Surayyo Jovliyeva ovoz berdi.

Bundan tashqari, Boysunning “Gaza” mahallasidagi 11-saylov uchastkasida ovoz bergan O‘rol Norqulov va Sarvinoz Halilovani, Qiziriq tumanidagi 360-saylov uchastkasida ovoz bergan “Tinchlik” mahallalik O‘ktam Toshboyev va Farida Turdiyevani ham ko‘rsatib o‘tish mumkin. “Nikoh to‘yimizning muhim siyosiy kampaniyaga to‘g‘ri kelgani ham biz uchun unutilmas baxt”, — deya O‘ktam Toshboyev tilidan iqtibos keltirmoqda O‘zA.

“Saylov nikoh to‘yimiz kuniga to‘g‘ri keldi. Nafaqat men va keliningiz, yaqinlarimning xursandchiligini aytmaysizmi! O‘zimizga ma’qul kelgan, xalqimizning farovonligi yo‘lida bir zum bo‘lsa-da, izlanish va intilishdan to‘xtamaydigan nomzodga ovoz berdik”, — deydi Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumani “Guliston” mahallasida yashovchi, shu kuni Zahroxon bilan oila qurgan Alisherjon Begmatov.

Alisherjon va Zahroxon Begmatovlar. Foto: O‘zAAlisherjon va Zahroxon Begmatovlar. Foto: O‘zA

Yuqorida keksa otaxonu onaxonlar oila a’zolari bilan kelgani haqida yozilgan edi. Qayd etish joiz, saylovga farzandlari va nevaralari bilan kelish borasida amaldorlar ham o‘rnak bo‘ldi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistondagi saylov uchastkalari 20:00 da yopiladi.