O‘zbekistonda 27-oktabr kuni soat 8:00 da Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda xalq deputatlari viloyat, shahar va tuman kengashlariga saylovlar boshlandi. “Gazeta.uz” muxbirlari Toshkentdagi bir qator saylov uchastkalarida bo‘lib turibdi.
Barcha saylov uchastkalarida ovoz berish jarayoni O‘zbekiston davlat madhiyasi ijrosi bilan ochildi. Toshkent qishloq xo‘jaligi irrigatsiyasi va mexanizatsiyasi muhandislari instituti binosida joylashgan 23-saylov uchastkasi raisi Bahriddin Muqimovning “Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, mazkur uchastkada 2717 saylovchi ro‘yxatga olingan. Ulardan 58 nafari muddatidan ilgari ovoz bergan. Okrugda sog‘lig‘ining holati yoki boshqa sabablarga ko‘ra saylovga kela olmaydigan 35 fuqaro bor, peshindan keyin saylov uchastkasi a’zolari ularning oldiga borib, ovozlarini olib kelishi reja qilingan.
Ushbu saylov uchastkasida elektron tarzda ovoz berish imkoniyati bor. Bunday tizim bu yil ilk bor sinov tartibida joriy qilinmoqda. Bahriddin Muqimovning so‘zlariga ko‘ra, saylovchilar yangi majoritar-proporsional saylov tizimining o‘ziga xosliklari bilan tanishtirilmoqda, qanday xatti-harakatlar ovoz berish jarayonida qonunbuzarlik hisoblanishi tushuntirilmoqda. Uchastkaga saylov va umuman ovoz berish jarayoniga doir axborot ko‘rsatilgan lavhalar ilingan.
“Gazeta.uz” muxbirining xabar berishicha, uchastkaga kelgan ilk saylovchi o‘zi bilan ikkita pasport olib kelgan. Uchastka xodimlari unga ikkinchi pasportning egasi ovoz berishga o‘zi kelib, mustqil ovoz berishi kerakligini tushuntirgan.
“O‘tgan safargi saylovlarda odamlar deputatning g‘olib chiqishi uchun ovoz bergan bo‘lsa, bu safar — partiyalarning rolini oshirish maqsadida — partiya uchun ovoz beradi”, — deya tushuntirdi Bahriddin Muqimov.