27-oktabr kuni bo‘lib o‘tayotgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlari saylovida 15:00 holatiga ko‘ra, Bosh prokuratura tomonidan qonun buzilishi holati aniqlanmadi. Bu haqda bosh prokuror o‘rinbosari Shoxrux Aminov brifingda ma’lum qildi.
Uning ma’lum qilishicha, prokuratura shtablari tomonidan OAV va internet tarmog‘ida saylovga oid qonun buzilishi haqida e’lon qilingan xabarlar ham o‘rganib borilmoqda.
“Bugunga qadar ijtimoiy tarmoqlardagi saylov masalasiga oid 16 ta turli xabarlar ko‘rib chiqilib, bunda qonun buzilishi aniqlanmadi”, — dedi Aminov.
Uning qayd etishicha, bugungi kunga qadar prokuratura organlariga saylov masalasida fuqarolar, jumladan, saylovchilar va nomzodlardan jami 6 ta murojaatlar kelib tushgan. Hududlar kesimida Toshkent shahriga 2 ta, Qashqadaryo, Farg‘ona, Jizzax va Xorazm viloyatlariga 1 tadan to‘g‘ri keladi.
Murojaatlarning 2 tasida Oliy Majlis qonunchilik palatasi, 4 tasida esa xalq deputatlari mahalliy kengashlariga o‘tkazilayotgan saylovlarga bog‘liq masalalar yoritilgan. Kelib tushgan murojaatlarning 3 tasi siyosiy partiyalar tomonidan muayyan shaxslarning nomzod sifatida ko‘rsatilmagani, uning oqibatida ular saylovda ishtirok etolmagani qayd etilgan.
“Qonunga ko‘ra, deputatlikka nomzodni ilgari surish siyosiy partiyalarning mutlaq vakolati hisoblanadi. Prokuratura organlarining siyosiy jarayonga bevosita aralashishi mumkin emas. Bunday holda qonun talabiga ko‘ra fuqaro siyosiy partiya markaziy kengashiga murojaat qilishi yoki uning qarori ustidan sudga shikoyat berishi mumkin. Shu munosabat bilan, bunday talab bilan murojaat qilgan fuqarolarimizga qonun talablari batafsil tushuntirildi”, — dedi u.
Qolgan murojaatlar saylovga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish jarayonlarida tashkiliy masalalarga oid bo‘lib, ushbu masalalar yuzasidan fuqarolarga huquqiy tushuntirishlar berilgan.
“Umuman olganda, saylov qonunchiligi buzilishi haqida murojaatlar, OAV ma’lumotlari shtab tomonidan alohida nazoratga olingan bo‘lib, qonun doirasida o‘rganilishi va huquqiy baho berilishi ta’minlanmoqda”, — dedi Shoxrux Aminov.