27-oktabr kuni o‘tkazilayotgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlari saylovoldi jarayonida ikkita qonunbuzilish holati aniqlandi. Bu haqda Oliy sud raisi o‘rinbosari Shuhrat Polvonov xabar berdi.

Holat yuzasidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51 prim 7-moddasi (Saylovga yoki referendumga tayyorgarlik ko‘rish va saylov yoki referendum o‘tkazish jarayonida axborot hamda tashviqot materiallarini qasddan yo‘q qilib yuborish yoki ularga qasddan shikast yetkazish) ish ochilgan.

Xususan, Toshkent shahrida bitta va Samarqand viloyatida bitta holatda saylov jarayonida binolarga joylashtirilgan axborot materiallariga qasddan shikast yetkazilgani bo‘yicha fuqarolar aybdor deb topilib, ulardan biriga jarima jazosi, ikkinchisiga esa ogohlantirish intizomiy chorasi qo‘llanilgan.

Saylovga tayyorgarlik ko‘rish jarayonlari boshlanganidan bugungi kunga qadar saylov o‘tkazuvchi komissiyalarning faoliyatiga aralashish, ularning ishlariga to‘sqinlik qilish kabi huquqbuzarliklar haqida sudlarga ariza kiritilmagan.

Oliy sud vakiliga ko‘ra, xalq deputatlari tuman kengashlari deputatligiga nomzodlarni ko‘rsatish jarayoni bo‘yicha ikkita ariza hamda siyosiy partiyaning fuqaroni tuman kengashi deputatligiga nomzodlar ro‘yxatidan olib tashlangani yuzasidan bitta davo ariza kelib tushgan bo‘lib, ushbu arizalar sudlar tomonidan belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqilgan.