O‘zbekistonda o‘tayotgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlari saylovida davomat soat 15:00 holatiga ko‘ra 62,70 foizni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi raisi Baxrom Kuchkarov ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, soat 15:00 gacha 19 944 859 nafar saylovchidan 12 504 688 nafari ovoz berishda ishtirok etgan.

Hududlar bo‘yicha davomat quyidagicha:

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasida 58,46 foiz;
  • Andijon viloyatida 66,64 foiz;
  • Buxoro viloyatida 60,20 foiz;
  • Jizzax viloyatida 66,83 foiz;
  • Navoiy viloyatida 58,79 foiz;
  • Namangan viloyatida 68,08 foiz;
  • Samarqand viloyatida 63,24 foiz;
  • Sirdaryo viloyatida 61,70 foiz;
  • Surxondaryo viloyatida 62,72 foiz;
  • Toshkent viloyatida 57,93 foiz;
  • Farg‘ona viloyatida 69,22 foiz;
  • Xorazm viloyatida 59,37 foiz;
  • Qashqadaryo viloyatida 64,26 foiz.
  • Toshkent shahrida 54,58 foiz.

Hozirga qadar Vladivostok, Seul, Tokio va Kvanju shaharlaridagi saylov uchastkalarida ovoz berish jarayoni yakunlandi. Ushbu saylov uchastkalarida saylov natijalarini aniqlash, byulletenlarni sanash jarayoni boshlandi. Boshqa xorijiy mamlakatlarda saylov uchastkalarida ovoz berish jarayonlari davom etmoqda.

O‘zbekistonning xorijiy davlatdagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan 57 ta uchastkasi Toshkent shahriga biriktirilgan. Xorijdagi saylov uchastkalarida 165 631 nafar fuqaro ovoz beruvchilar ro‘yxatiga kiritilgan. Shulardan 132 667 nafari muddatidan avval ovoz bergan.

MSK axborot markaziga 1200 qisqa raqami orqali soat 15:00 holatiga ko‘ra, jami 131 ta murojaat kelib tushgan. 76 ta murojaat fuqarolarga saylov uchastkasini aniqlash yoki saylov qonunchiligini tushuntirishda yordam so‘ragan. Bundan tashqari murojaatlarning 8 tasi shikoyat shaklida bo‘lib, ularning asosiy mazmuni fuqarolarning saylovchilar ro‘yxatida yo‘qligi yoki fuqaroga shaxsni tasdiqlovchi hujjatning mobil telefondagi rasmi orqali saylov uchastkasi a’zolaridan saylov byulleteni berilmagani to‘g‘risida.