25−27-oktabr kunlari Kanadaning Galifaks shahrida o‘tgan figurali uchish bo‘yicha Gran-pri turnirida O‘zbekiston terma jamoasi ilk bor medal oldi, deya xabar bermoqda Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.
Terma jamoa a’zolari Yekaterina Geynish (20 yosh) hamda Dmitriy Chigirev (23 yosh) juftligi musobaqada kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Ular erkin dasturdagi ijrosi uchun 126.12 ball jamg‘ardi. Bu mazkur dasturda barcha juftlik ichida qayd etilgan eng yuqori natijaga aylandi. Juftlikning qisqa dasturdagi chiqishlarini qo‘shib hisoblaganda 189.65 ball to‘plandi, yakunda ular kumush medalga ega chiqdi.
MOQ xabariga ko‘ra, bu juftlik yo‘nalishida o‘zbekistonlik sportchilarning Gran-pri turnirlarida qo‘lga kiritgan ilk medalidir.
Sovrindorlar:
- D.Stellato-Dudek / M.Desham (Kanada) — 197.33
- Ye.Geynish / D.Chigirev (O‘zbekiston) — 189.65
- A.Golubeva / G. Giotopoulos (Avstraliya) — 186.14.