Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov Toshkent shahridagi 676-saylov uchastkasiga qizi bilan birga kelib, parlament saylovida ovoz berdi. Ovoz berib bo‘lgach, u “Gazeta.uz” muxbiriga qisqa intervyu berdi.
— Akmal aka, nega deputatlikka nomzodingizni qo‘yishga qaror qildingiz?
— Birinchidan, saylov yangicha tizimda, konstitutsiya bo‘yicha faqat majoritar emas, balki proporsional ko‘rinishda ham o‘tyapti. 75 ta okrugda bevosita deputatlikka nomzodlarga ovoz berilsa, qolgan 75 ta okrugda esa partiya ro‘yxati asosida [saylov bo‘lib o‘tadi]. Mening nomzodimni “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi o‘zining partiya ro‘yxatiga kiritgan. Men mana shu partiyaning vakili, uni qo‘llab-quvvatlovchi shaxs sifatida nomzodim qo‘yilgan. Qaysidir okrug, qaysidir hududdan emas, balki partiyani qo‘llab-quvvatlovchi, partiya liderlaridan biri sifatida nomzodim kiritilgan.
Nima uchun nomzodingizni qo‘ydingiz, degan savolga kelsak, biz ham siyosiy jarayonlarga befarq emasmiz. O‘zbekistonda katta islohotlar ketyapti, lekin hali qiladigan ishlarimiz ko‘p.
Men parlamentdan ham, hududiy kengashlardan ham yangi g‘oya, yangi tashabbuslarni qonunchilikda aks ettirishni yanada ko‘proq kutib qolgan bo‘lardim.
Ayniqsa, o‘z sohamdan kelib chiqib aytadigan bo‘lam, korrupsiyaga qarshi kurash yo‘nalishda ham qilinadigan ishlar hali ko‘p. Parlament tomonidan qabul qilinishi kerak bo‘lgan qonunlar, loyihalar juda ko‘p.
— O‘tgan muddatda ishlagan parlamentda qaysi jihatlaridan ko‘nglingiz to‘ldi, qaysi jihatlaridan ko‘nglingiz to‘lmadi?
— Eng oxirgi chaqiriq parlamentga oson bo‘lmadi. Chunki o‘tgan uch-to‘rt yildagi ochiqlik siyosati parlamentga ham taalluqli bo‘ldi, ya’ni parlament yig‘ilishlarining barchasi jonli efirlarda uzatilgani, deputatlarning har bir gapi jamoatchilik e’tiboriga tushgani jihatidan gapirsak, deputatlarga oson bo‘lmadi, deyish mumkin.
Eng muhimi, bu chaqiriq parlament juda katta vazifani — davlatimizning eng muhim, eng asosiy qonuni hisoblangan Konstitutsiyani yangi tahrirda qabul qilish vazifasini ham amalga oshirdi.
Umuman, korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida parlament tomonidan juda muhim qonunlar qabul qilindi. Jumladan, “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida"gi qonun, davlat xaridlariga taalluqli qonunlar. Biz tomondan ilgari surilgan tashabbuslarni o‘tkazgani uchun, albatta, parlamentga minnatdorchilik bildiramiz.
Albatta, oddiy fuqaro sifatida, xalq vakili sifatida aytadigan bo‘lsam, parlament yana ham professional bo‘lishini, yana ham tajribali bo‘lishini, yana ham faol ishlashi tarafdorimiz, shuning uchun ham — yanada tashabbuskor, yanada tajribali parlament shakllanishi uchun kelib ovoz beryapmiz.
— Sizning tasavvuringizda parlament va deputatlar qanday bo‘lishi kerak? Yangi chaqiriq parlamentdan nimalar kutyapsiz?
— Deputat birinchi o‘rinda xalq vakili bo‘lishi kerak, xalqning ovozini ko‘rsata oladigan bo‘lishi kerak. Mana shu mutanosiblikni saqlay olsa, haqiqiy xalqchil parlament bo‘ladi, deputatlar ham xalqchil bo‘ladi, eng avvalo xalq, ularni saylagan fuqaro ularga ishonadi. Eng asosiysi shu.
Ikkinchisi — zamon bilan hamnafas bo‘lishi [kerak]. Zamonga mos, bugungi kundagi jamiyat talablariga mos qonunlarni o‘z vaqtida qabul qila olsa, mana shunda haqiqiy parlament bo‘ladi.
— Agar deputatlik maqomiga erishsangiz, birinchi navbatda qaysi masalalarga yechim topishga harakat qilasiz?
— Masalalar juda ko‘p: ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy. Albatta, o‘z sohamdan kelib chiqib, sud-huquq sohasida, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida yangi qonunlarni, yangi loyihalarni tezlashtirishga hissamni qo‘shishga harakat qilaman va xalqaro hamkorlik yo‘nalishida ham ko‘proq O‘zbekistonning xalqaro standartlarga integratsiyalashuv jarayonlarini ham tezlashtirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni amalga oshirgan bo‘lardim.
Eng muhimi, shu xalq uchun muhim bo‘lgan xalqchil qonunlarni qabul qilish choralari ko‘riladi.