27-oktabr kuni O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarini kuzatgan Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi missiyasi dushanba kuni o‘tkazilgan brifingda saylov jarayoniga baho berdi.

MDH missiyasi rahbari Sergey Lebedev “respublikada xalqaro kuzatuvchilarning ishlashi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan"ini ta’kidladi.

MDH kuzatuvchilari deputatlik saylovi O‘zbekiston Konstitutsiyasi va Saylov kodeksi talablariga to‘la mos ravishda, ochiq, raqobatbardosh, adolatli va demokratik saylovlarni o‘tkazishning umume’tirof etilgan tamoyillariga muvofiq holda o‘tdi, shuningdek, fuqarolarning o‘z xohish-irodasini erkin ifoda etishi ham ta’minlandi, degan xulosaga keldi.

“Saylovlar har gal yanada uyushqoqlik bilan o‘tkazilmoqda, ko‘proq tayyorgarlik ko‘rilmoqda”, — dedi Sergey Lebedev. Shuningdek, u saylov yaxshi tashkil etilganiga, saylov komissiyalari a’zolarining tayyorgarlik darajasiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

“Saylovchilar yuqori siyosiy yetuklikni namoyon qila boshladi. Agar ilgari ular saylovlarda populistlarga ishongan bo‘lsa, endi nomzodlarni yanada to‘g‘riroq baholamoqda. Saylovchilar dasturni, deputatlikka nomzodlarning chiqishlarini diqqat bilan kuzatib, bergan va’dalarini bajara oladimi, deb so‘ramoqda, ular allaqachon asossiz va’dalarga berilmayapti, bu esa deputatlar munosib saylanishining kafolati hisoblanadi. Hozirgi nomzodlar — oliy ma’lumotli, katta hayotiy tajribaga ega odamlar”, — dedi Sergey Lebedev.

MDH missiyasi tarkibida hamdo‘stlikning 8 ta davlatidan 167 nafar kuzatuvchi akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Ular orasida Hamdo‘stlik mamlakatlari markaziy saylov komissiyalari raislari va a’zolari, milliy parlamentlar deputatlari, diplomatik korpus vakillari bor.