Tergov va tezkor-qidiruv tadbirlari davomida Toshkent viloyatining Qibray tumanida sodir etilgan qotillikka urinishga aloqador yana uch nafar shaxs ushlandi, deb xabar berdi Bosh prokuratura.

Qo‘shimcha qilinishicha, mazkur jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 26-oktabrga o‘tar kechasi Qibray tumanida temir yo‘l kesishmasi yaqinida ikki noma’lum shaxs Prezident administratsiyasining sobiq xodimi Komil Allamjonov o‘tirgan Range Rover rusumli avtomobilga bir necha marta o‘q uzgan va voqea joyidan qochib ketgan. Haydovchi va sobiq amaldor jarohat olmagan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 97 (Qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) hamda 248- (O‘qotar qurolning, o‘q-dorilarning, o‘qotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

27-oktabr kuni ertalab Bosh prokuratura bir gumonlanuvchi hibsga olingani haqida xabar bergan edi.