O‘zbekistonning Germaniyadagi elchisi Dilshod Axatov bir vaqtning o‘zida Shveysariyadagi elchi vazifasini ham bajara boshladi (qarorgohi Berlin shahrida). Elchi 25-oktabr kuni Shveysariya prezidenti Viola Amerdga o‘zining ishonch yorliqlarini topshirgan.
Uchrashuvda prezident so‘nggi yillarda mamlakatlar o‘rtasida yuqori darajadagi ikki tomonlama aloqalar sezilarli faollashganini ta’kidladi. U Shveysariya hukumati O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.
Davlat rahbari foydali qazilmalarni o‘zlashtirish, “yashil” iqtisodiyot, “yashil” energetika, suv va energiyani tejash texnologiyalarini joriy qilish, iqlim o‘zgarishi va ekologiya muammolari oqibatlarini bartaraf qilish, kasbiy ta’lim tizimida Shveysariya dual ta’lim modelini joriy qilish borasida hamkorlikka tayyorligini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, Dilshod Axatov 2023-yilning oktabr oyida O‘zbekistonning GFRdagi elchisi sifatida Germaniya Federal prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerga ishonch yorliqlarini topshirgandi.
Shu tariqa, O‘zbekistonning Germaniyadagi elchisi Shveysariyada ham mamlakatning rasmiy vakili hisoblanadi. Berlinga tayinlanganiga qadar u 2020−2023-yillar O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasiga rahbarlik qilgan.
Axatov 2010—2013-yillarda O‘zbekistonning Germaniyadagi elchisi, shuningdek, Shveysariya, Chexiya, Shvetsiya va Ispaniyada o‘rindoshlik asosida elchi bo‘lib ishlagan.