AQSh va Yevropa Ittifoqi hukumati 26-oktabr kuni Gruziyada bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida yo‘l qo‘yilgan barcha qoidabuzarliklarni tekshirishga chaqirdi. Davlat kotibi Entoni Blinken o‘z bayonotida xalqaro va mahalliy kuzatuvchilar “saylov natijalarini erkin va adolatli deb tan olmaganini” ta’kidlamoqda.
“Gruziyaning jo‘shqin demokratiyasi 2004-yildan beri kuch manbai bo‘lib kelmoqda va kechagi ishtirok Gruziya xalqining demokratiyani qabul qilishini ko‘rsatadi. Biroq 2024-yilda xalqaro va mahalliy kuzatuvchilar hukmron partiyaning davlat resurslaridan noto‘g‘ri foydalanishi, ovozlarni sotib olish va saylovchilarni qo‘rqitish bilan tavsiflangan saylovoldi muhitini qayd etdi, bularning barchasi notekis o‘yin maydoniga zamin yaratdi va adolatli natijaga bo‘lgan jamoatchilik va xalqaro ishonchga putur yetkazdi”, — deyiladi bayonotda.
“Biz xalqaro normalar buzilishini qoralaymiz hamda xalqaro va mahalliy kuzatuvchilarning saylov bilan bog‘liq barcha qoidabuzarliklar haqidagi xabarlarni to‘liq tekshirishga chaqiriqlariga qo‘shilamiz”, — dedi Blinken.
Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Jozep Borrel, o‘z navbatida, EXHT institutlaridan biri bo‘lgan Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byuroning xulosalarini keltirdi. Byuroning ta’kidlashicha, saylov kuni keskin vaziyat, ovoz berish yashirinligining tez-tez buzilishi va bir qator tartib-qoidalar nomuvofiqligi, shuningdek, saylovchilarga nisbatan qo‘rqitish va bosim o‘tkazish holatlari bilan tavsiflangan.
“Bundan tashqari, kuzatuvchilar teng bo‘lmagan sharoitlar, saylovoldi kampaniyasining qutblangan muhitda o‘tkazilishini va yaqinda qabul qilingan qonunlarga kiritilgan o‘zgartirishlarning ushbu saylov jarayoniga ta’siridan jiddiy xavotirda ekanini ta’kidladi”, — dedi Borrel.
Yevropa diplomatiyasi rahbari Gruziya Markaziy saylov komissiyasi va boshqa hokimiyat organlarini “o‘z burchini bajarishga va saylovlar bilan bog‘liq qoidabuzarliklar bo‘yicha tezkor, shaffof va mustaqil tekshiruvni ta’minlashga hamda qarorlar chiqarishga” chaqirdi. “Bu qoidabuzarliklarni tushuntirish va bartaraf etish kerak. Bu saylov jarayoniga ishonchni tiklash uchun zarur qadamdir”, — dedi Borrel.
Gruziya Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, parlament saylovlarida “rusparast” siyosiy kuch deb ataladigan hukmron “Gruzin orzusi” partiyasi g‘alaba qozongan.
MSK partiya 53,93% olganini ma’lum qildi. Shuningdek, G‘arb bilan yanada yaqinlashish tarafdori bo‘lgan to‘rtta muxolifat partiyasi parlamentga o‘tdi. Muxolifat saylov natijalarini tan olishdan bosh tortdi. “O‘zgarishlar uchun koalitsiya” alyansi va “Yagona milliy harakat” partiyasi vakillari mandatlaridan voz kechdi. Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili saylov natijalarini tan olishdan bosh tortdi va fuqarolarni norozilik namoyishlari o‘tkazishga chaqirdi.