Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizamxodjayev proporsional saylov tizimi bo‘yicha partiyalar ro‘yxatida ko‘rsatilgan amaldagi vazirlar taqdiri nima kechishi haqidagi savolga javob berdi. U bu haqda Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlarga saylovlarning dastlabki natijalariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida gapirdi, deya xabar berdi “Gazeta.uz” muxbiri.
Matbuot anjumanida “O‘zbekiston ovozi” gazetasi jurnalisti Toshtemir Xudoyqulov amaldagi vazirlar ro‘yxatning yuqori qismida turganini eslatib, ular deputat bo‘lishni rad etishi mumkin yoki yo‘qligi haqida savol berdi.
“Qonunchiligimizda shunday tartib-tamoyil bor: vazir yoki boshqa tegishli davlat idorasi rahbari, yoki lavozimi deputatlik lavozimi bilan qo‘shib olib borishga to‘g‘ri kelmaydigan holatlarda o‘sha nomzod 5 kun muddat ichida Markaziy saylov komissiyasiga yoki deputatlikda qolish, yoki o‘sha lavozimdan ishdan ketishi haqida ariza berishi kerak”, — dedi Markaziy saylov komissiyasi raisi.
Eslatib o‘tamiz, saylov kodeksining 74−2-moddasiga ko‘ra, agar nomzod deputat bo‘lishdan voz kechsa Markaziy saylov komissiyasi tegishli partiya ro‘yxatidagi tartib raqami bo‘yicha mandat olmagan keyingi nomzodga xabarnoma yuboradi.
MSK raisining ta’kidlashicha, ariza orqali nomzod yo deputatlik mandatini olishga yoki buni rad etib, vazir, boshqa davlat idorasi rahbari sifatida qolishga haqli.
“Bu o‘zining ihtiyoriga bog‘liq. Agar u vazir yoki boshqa davlat idorasida rahbari sifatidagi lavomida qolishni istasa, deputatlik mandati Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatdagi undan keyingi nomzodga beriladi”, — dedi Zayniddin Nizamxodjayev.
27-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan deputatlik saylovlarining dastlabki natijalariga ko‘ra, yagona saylov okrugi bo‘yicha O‘zbekiston liberal demokratik partiyasi 26 ta, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi 14 ta, Ekologik partiya 10 ta, Xalq demokratik partiyasi 13 ta va “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi 12 ta o‘rin oldi.
Bundan kelib chiqadiki, amalda hukumat tarkibida bo‘lgan va partiyalar ro‘yxatida ko‘rsatilgan quyidagi nomzodlar o‘z ihtiyori bilan deputatlik mandatini rad etishi mumkin bo‘ladi:
- Jamshid Xodjayev — bosh vazir o‘rinbosari — O‘zLiDeP (2-o‘rin)
- Xilola Umarova — maktabgacha va maktab ta’limi vaziri — O‘zLiDeP (3-o‘rin)
- Rahim Hakimov — prezidentning ijtimoiy-siyosiy masalalari bo‘yicha maslahatchisining birinchi o‘rinbosari — O‘zLiDeP (4-o‘rin)
- Davron Vahobov — Savdo-sanoat palatasi raisi — O‘zLiDeP (6-o‘rin)
- Alisher Sa’dullayev — Yoshlar ishlari agentligi direktori — O‘zLiDeP (7-o‘rin)
- Aziz Abduxakimov — ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri — Ekologik partiya (4-o‘rin)
- Akbar Tashkulov — adliya vaziri — “Adolat” (4-o‘rin)
- Akmal Burxanov — Korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi direktori — “Adolat” (6-o‘rin)
- Qahramon Quronboyev — Mahallalar uyushmasi raisi — “Milliy tiklanish” (4-o‘rin)
- Ozodbek Nazarbekov — madaniyat vaziri — “Milliy tiklanish” (6-o‘rin)
- Zulayxo Maxkamova — Bosh vazir o‘rinbosari — XDP (3-o‘rin)
- Sherzod Shermatov — raqamli texnologiyalar vaziri — XDP (4-o‘rin).
Majoritar tizim (nomzodga ovoz berish) natijalarini ham hisoblaganda, O‘zLiDeP 150 deputatlik o‘rnining 64 tasi yoki 42,7 foizini qo‘lga kiritdi, “Milliy tiklanish” — 29 (19,3 foiz), “Adolat” — 21 (14 foiz), XDP — 20 (13 foiz) va Ekopartiya — 16 (10,7 foiz).