Xorijiy fuqarolarga ular haqidagi barcha dolzarb ma’lumotlarni tekshirish imkonini beradigan elektron guvohnomalar 2025-yildan boshlab Moskvada berila boshlaydi. Bu haqda poytaxt meri Sergey Sobyanin TASS nashriga ma’lum qildi.
“Migrantlar uchun kelgusi yildan eksperiment doirasida, federal qonun asosida elektron pasport kiritamiz. Xorijiy fuqaroning elektron guvohnomasiga barcha ma’lumotlar yuklab olinadi: qachon kelgan, qanday biometrik ma’lumotlar, qayerda ishlaydi, qayerda ro‘yxatdan o‘tgan va hokazo. Shunga ko‘ra, politsiya reydlar o‘tkazayotganda ushbu ma’lumotlarni tekshirish mumkin bo‘lgan tegishli qurilmaga ega bo‘ladi”, — dedi Sobyanin.
Uning so‘zlariga ko‘ra, birinchi navbatda migrantlarning aynan elektron guvohnomasi tekshiriladi. Agar hujjatda nimadir noto‘g‘ri bo‘lsa, masalan, qidiruvda bo‘lib chiqsa, yashash muddati o‘tkazib yuborilgan yoki migratsiya qoidalarini buzgan bo‘lsa, politsiyachi tegishli choralar ko‘radi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, kelgusi yildan eksperiment doirasida Moskva aviatsiya uzelida Rossiyaga kirish vizasi talab qilinmaydigan xorijliklar uchun ham biometrik nazorat joriy etiladi. Vizasiz mamlakatlardan kelgan fuqarolar Moskvaga kelgach, biometrik nazoratdan o‘tkaziladi — suratga olish, barmoq izlari.
Buning uchun bunday tajribani o‘tkazish mumkinligi to‘g‘risida federal qonun qabul qilindi. Hozirda prezident topshirig‘i bilan hukumatda tegishli qaror ko‘rib chiqilmoqda, u bizga Federal xavfsizlik xizmati, chegara xizmati, Ichki ishlar vazirligi va boshqalar bilan birgalikda ushbu tajribani o‘tkazish vakolatini beradi, — deya aniqlik kiritdi u.
Shahar meri, shuningdek, Rossiyaga keladigan barcha shaxslarning biometrik ma’lumotlar bazasining mavjudligi jinoyatlarni ochishning yangi bosqichiga chiqishga imkon beradi, deb hisoblaydi.