Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov 27-oktabr kuni Yunusobod tumanidagi 531-saylov uchastkasida parlament saylovida ovoz berdi. “Milliy tiklanish” partiyasidan parlament deputatligiga nomzodi ko‘rsatilgan vazir ovoz berib bo‘lgach, jurnalistlar savollariga javob qaytardi, deya xabar qilmoqda “Gazeta.uz” muxbiri.
— Ozodbek aka, nega parlament deputatligiga nomzodingizni qo‘yishga qaror qildingiz?
— Hammamizga ma’lumki, bugun xalqimizning huquqiy-siyosiy ongi rivojlanishi bilan birga, O‘zbekistonda qonunlar ham kundan-kunga mustahkamlanib boryapti. Bunday jarayonlarda har bir soha vakilidan o‘z sohasini nafaqat o‘sha tizimning mazmun-mohiyatidan, balki siyosiy jihatdan ham [bilish talab etilmoqda]. Har bir soha vakili qonunchilik palatasida [deputat sifatida] o‘tirishi, xalq nomidan normalarning qabul qilinishida faollik ko‘rsatib, o‘z sohasini yuridik jihatdan mustahkam bo‘lishiga hissa qo‘shishi zarur. Xullas, bugungi zamon talabidan kelib chiqib, qator qonuniy yechimlar qabul qilish jarayonida madaniyat sohasi vakillari ham ishtirok etishi shart.
— Agar deputatlik maqomiga erishsangiz, birinchi navbatda qaysi masalalarga yechim topishga harakat qilasiz?
— Hozirgi kunda madaniyat sohasi aynan bir qonunda qat’iy belgilanmagan. Har safar kichkinagina tadbir o‘tkazish uchun ham farmoyish yoki qandaydir hujjatlar qabul qilishga to‘g‘ri keladi. Mayda masalalar ham qonunda nazarda tutilsagina, o‘sha qonun to‘la-to‘kis bir sohaga yechim bera oladi, deb o‘ylayman. Bugun madaniyat sohasidagi qonunchilikda bir qancha kamchiliklar borligi uchun ham har gal farmoyishlar chiqarib, o‘z faoliyatimizga yuridik jihatdan baho beryapmiz.
Faoliyatimizni qonunlarda aks etishining yana bir muhim jihati shundaki, bu sohani erkin bo‘lishini ta’minlab beradi. Ya’ni soha egalarini kamaytiradi, xohlagan tashkilot istagan kuni farmoyish chiqarib, madaniyat vazirligini o‘z strategiyasidan yulib olib, boshqa masalalarga jalb qila olmaydi. Shu sababli qonunchilikda har bir mayda detallarigacha inobatga olinishi kerak va shunga yetib kelishimiz uchun ham madaniyat sohasi vakillari qonunchilik palatasida faol bo‘lishlari shart.
— Sizning tasavvuringizda parlament va deputatlar qanday bo‘lishi kerak?
— Nazarimda, deputatlar eng fidoyi, eng jonkuyar, jamiyatdagi o‘zgarishlarga befarq tura olmaydigan odamlar bo‘ladi. Bugun deputatlarimiz ham qaysidir ma’noda o‘sib boryapti, kundan-kunga shakllanyapti. Ularning bugungi obro‘si, mavqei, hammasi salohiyatidan kelib chiqyapti. Salohiyatida siyosiy tafakkur birmuncha oqsoq bo‘lishi mumkin, siyosiy tafakkur teran bo‘lmasligi mumkin. Lekin deputatda aynan siyosiy tafakkur yuqori bo‘lishi shart, deb o‘ylayman.
— Bu yil parlament deputatligiga 7 nafar vazirning ham nomzodi qo‘yildi. Bu hukumatning iste’foga chiqishi bilan bog‘liqmi?
— Xabarlaringiz bor kuni kecha “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun qabul qilindi. Unda Vazirlar Mahkamasining ijro organi sifatida parlament oldida javobgarligi belgilab qo‘yildi. Bugun O‘zbekistonda parlament mavqeini ko‘tarishga bir qancha ehtiyoj bor. Chunki hozir bizdagi faoliyat nuqtai nazaridan olib qarasak, qayerdadir Vazirlar Mahkamasining ovozi balandroqligini ham ko‘rish mumkin. Lekin bu aynan demokratik tamoyillarga sal zidroq ko‘rinish, degan fikrdaman.
Shuning uchun ham barcha katta-katta masalalarni, yurtimizdagi hamma jarayonlarni nazorat qiluvchi organ sifatida parlament mavqeini jamiyat oldida yuksaltirish zarur, to‘g‘ri yechim mana shu o‘zi. Negaki, parlament bu — xalq demakdir. Bugun xalq talabiga ko‘ra qonunlar ishlab chiqish, xalq istagiga ko‘ra, yechimlar joriy qilish bu demokratik tamoyillarning eng yuksak ko‘rinishi [hisoblanadi].