O‘zbekistonda saylovlarda onlayn ovoz berish xavfsiz moslamalar ishlab chiqilgandan keyin joriy etilishi mumkin. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizamxodjayev ma’lum qildi.
“Masofadan turib ovoz berish masalasiga kelsak, bu ham saylov organlari orasida turgan muhim masalalardan biri. Lekin bugungi kungacha biz dunyo amaliyotini o‘rgangan holda aniq bir narsani ayta olamizki, mana shunday ovoz berishning kafolatlangan muhofazasi, shaxsiy ma’lumotlarni ochiqlamasdan ovoz berishni tashkil qilish dasturlari yetarli darajada ishlab chiqilmagan”, — dedi rais.
“Aminmanki, texnologiya rivojlanib boryapti, mana shunday moslamalar taklif etilsa, unday moslamalardan foydalanish tajribasi hamkasblarimiz, dunyo saylov organlaridan qandaydir umume’tirof etilgan moslamalar yuzaga kelsa, albatta, biz ham uning keyingi saylov jarayonlarda qo‘llash rejamiz ham yo‘q emas” — deya qo‘shimcha qildi Nizamxodjayev.
Shuningdek, MSK raisi Toshkentning 10 ta saylov uchastkasida sinovdan o‘tgan elektron ovoz berish qurilmalari saylov komissiyasining ishini osonlashtirgani haqida so‘zladi.
“Ilk bor biz amaliyotda sinov tariqasida Toshkentdagi 10 ta saylov uchastkasida mana shu elektron ovoz berish qurilmalaridan foydalandik. Uning ijobiy va salbiy tomonlarini o‘rganamiz. Hozirgi vaqtda aytish mumkinki, bunday elektron ovoz berish moslamalari saylov uchastkalari va saylov komissiyasining ishini osonlashtiradi”, — dedi Zayniddin Nizamxodjayev.
“Eng asosiysi saylovchilarimizga bir saylovchi bir ovoz berish huquqini kafolatlaydi. Bunday qurilmalarni qonunchiligimizga kiritib, keyin amaliyotga kiritish kerak. Mana shu jarayonlarni o‘rganish davom etadi. Boshqa moslamalar, boshqa kompaniyalarning takliflarini ham o‘rganib chiqamiz”, — dedi MSK raisi.