Yakshanba kuni O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan deputatlar saylovida ovoz berish jarayonini tashkil etish bo‘yicha uchastka saylov komissiyalari faoliyatini monitoring qilish natijasida ayrim kamchiliklar ham aniqlandi, dedi dushanba kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev.

Ayrim saylov uchastkalaridagi ovoz berish xonalarida saylov jihozlarini Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilangan talablar asosida joylashtirilmagan.

Ba’zi saylov uchastkalarida uchastka saylov komissiyalari a’zolari fuqaroga shaxsini tasdiqlovchi hujjatning mobil telefondagi elektron fotosurati asosida saylov byulletenlari berilgan.

Shuningdek, uchastka saylov komissiyalar faoliyatiga ko‘ngillilarni jalb qilib, ulardan foydalanilgan.

Saylovchilar ro‘yxatida bo‘lmagan fuqaroni saylovchilar ro‘yxati ilovasiga kiritishda Markaziy saylov komissiyasining qarorida belgilangan harakatlar ketma-ketligiga to‘liq rioya etilmagan.

Bitta yashirin ovoz berish kabinasiga bir nechta saylovchilarning bir vaqtning o‘zida ovoz berishiga ayrim komissiyalar tomonidan yo‘l qo‘yib berilgan.

Qoidalarga zid holatlar yuqori turuvchi saylov komissiyalari tomonidan batafsil o‘rganib chiqildi, dedi MSK raisi.

Foto: Ma’murjon Obrahmatov / Gazeta.uz.Foto: Ma’murjon Obrahmatov / Gazeta.uz.

MSK rahbari kunning birinchi yarmida ayrim hududlarda saylov jarayonlarini boshqarish axborot tizimi faoliyatida qisqa muddatli uzilishlar kuzatilganini qayd etdi.

“Lekin bu uzilishlar uchastka saylov komissiyalarining faoliyatiga yoki saylovchilarning ovoz berishiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmadi. Sababi ovoz berish jarayonlari axborot tizimiga bog‘liq emas, saylovchilar ro‘yxatlari dastlab chop etilgan bo‘ladi”, dedi u.

Saylov kuni mazkur axborot tizimidan faqatgina ovoz bergan saylovchilar sonini belgilash hamda, zarur bo‘lganda, ro‘yxatda bo‘lmagan saylovchining aniqlash uchun foydalaniladi. Barcha muammolar Raqamli texnologiyalar vazirligi mutaxassislari tomonidan tezkorlik bilan bartaraf etildi, deya qo‘shimcha qildi Zayniddin Nizomxo‘jayev.

“Umuman olganda yuqorida qayd etilgan kamchiliklar saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish hamda ularning natijalarini chiqarishning qonuniyligiga ta’sir ko‘rsatmaydi”, — dedi u.