O‘zbekistonning joriy hafta boshidagi ob-havosini kichik kattalikdagi antitsiklon jarayoni belgilaydi — u joylardagi havo harorati tunda ham, kunduzi ham sezilarli darajada sovuq bo‘lishiga ta’sir qiladi. Ushbu davrda mamlakatning katta qismida tongda harorat 0 daraja va -2 darajagacha, Ustyurt platosida hamda tog‘larda -7…- 5 darajagacha sovuq bo‘lishiga olib kelishi mumkin.

Haftaning ikkinichi yarmidan boshlab, qo‘shni Turkmaniston hududlaridan biroz yuqori haroratni taqdim etuvchi issiq-quruq havo to‘lqinlari kirib keladi. Yakshanba kuniga borib, kunduzi O‘zbekistonning aksariyat qismida havo harorati +20…+25 daraja, janubiy viloyatlarda esa +28 darajagacha ko‘tarilishi prognoz qilinmoqda.

Manba: NASAManba: NASA

Dushanbadan boshqa kunlarda O‘zbekistonning aksariyat hududlarida yog‘ingarchilik deyarli kuzatilmaydi. Faqat 29−30-oktabr kunlari Qoraqalpog‘istonda biroz yog‘ingarchilik kutiladi. Haftaning ikkinchi yarmida va dam olish kunlari yog‘ingarchilik bo‘lmasligi yuqorida keltirilgan sun’iy yo‘ldosh tasvirlaridan ham ko‘rinib turibdi — O‘zbekistonga ko‘p yog‘in ulashuvchi nam havo oqimlari asosan g‘arbdan kirib keladi. G‘arb tomonda — Qora dengiz ustida esa hozirda yaxlit shakllangan bulutli oqimlar mavjud emas.

Manba: meteoinfo.ruManba: meteoinfo.ru

“O‘zgidromet” prognozlariga ko‘ra, 28-oktabrda kunning birinchi yarmida Farg‘ona vodiysi, Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchilik bo‘ladi, ammo u darajada ko‘p kuzatilmaydi. Tog‘larda yomg‘ir qorga aylanishi, ba’zi hududlarda kuchli yog‘ishi mumkin. 29−30-oktabr kunlari Qoraqalpog‘iston hududida va baland tog‘larda biroz yog‘ingarchilik saqlanadi. Haftaning boshqa kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi.

Hafta boshida sovuq antitsiklonal jarayon fonida joylarda havo harorati sezilarli darajada pasayadi. Masalan, 28−30-oktabr kunlari hatto kunduzi ham (janubiy viloyatlardan tashqari) joylarda havo harorati +15 darajadan past kutiladi. 31-oktabrdan janubda havo harorati +20 daraja, 1−2 noyabr kunlari kunduzi respublikaning katta qismida harorat +20…+25 darajagacha issiq bo‘lishi kutiladi.

erkin abdulahatov, ob-havo, ob-havo sharhi

Hafta boshidagi tungi va tonggi ob-havo O‘zbekistonning juda katta qismida mavsum uchun ilk nol darajagacha past haroratni taqdim etishi mumkin. Masalan, asosiy qishloq xo‘jaligi maydonlari joylashgan viloyatlarda 29−30-oktabr tonglarida havo harorati minimumlari nol darajaga yaqinlashishib, tuproq sirtidagi haroratni nol darajadan past bo‘lishiga olib keladi. Bunda qishloq xo‘jaligi ekinlari uchun “sovuq urish” hodisasi kuzatiladi.

Hafta davomida eng sovuq davr 29-oktabr tonggiga to‘g‘ri kelishi, bunda tog‘larda va Qoraqalpog‘istonning Ustyurt hududlarida havo harorati -7…-5 darajagacha sovuq, Qizilqum cho‘llarida -2 darajagacha sovuq, respublikaning katta qismida esa nol darajagacha, hatto janubiy viloyatlarda ham +1 darajagacha pasayishi prognoz qilinmoqda.

Ammo mazkur sovuqlik to‘lqini joylarda keskin anomaliyalarni taqdim etmaydi. Ba’zi jahon iqlim modellari 29 oktyab tonggi soat 05:00 uchun respublikaning katta qismida -4…0 darajagacha sovuq haroratni prognoz qilgan.

Manba: ECMWF iqlim modeliManba: ECMWF iqlim modeli

Hafta o‘rtalaridan boshlab kunduzgi harorat bilan birga tungi harorat qiymatlari ham ko‘tarilib boradi. Dam olish kunlari tonggi minimum harorat respublikaning katta qismida +10 daraja atrofida iliq bo‘lishi mumkin.

Nam havo oqimlari kirib kelishi kutilayotgan 28-oktabr kuni cho‘llarda va janubiy viloyatlarda kuchli shamollar kuzatilishi mumkin. Shamollar tezligi u qadar yuqori xavf-xatar keltirib chiqaruvchi kuchga ega bo‘lmaydi — ularning tezligi ko‘pi bilan soniyasga 20 metrga yetishi prognoz qilinmoqda.

Harorat rejimi va tez o‘zgaruvchan ob-havo muhitining inson salomatligiga ta’siri

Dushanba kuni respublika aholisi siklonal omil ta’siriga tushadi. Siklonal ta’sirlar, masalan, yomg‘ir yog‘ishidan oldin oyoq-qo‘li og‘rib qoladigan kishilar siklon ob-havo muhitini inson organizmiga ta’sirini kamaytirishda avvalgi materialdagi tavsiyalarga amal qilishlari kerak.

29−30-oktabr kunlari esa antitsiklon omili odamlarning ichki qon bosimiga ta’sir qilishi mumkin. Ammo kutilayotgan antitsiklonal jarayon salomatlikka jiddiy ta’sir ko‘rsatadigan kuchga ega emas. Shu kunlarda o‘zida antitsiklon ta’sirni sezgan — o‘zida holsizlik his qilgan yoki qon bosimi o‘zgargan kishilar, shifokor tavsiyasi asosida avvalgi materaldagi tavsiyalarga amal qilish foydadan xoli bo‘lmaydi.

Haftaning ikkinchi yarmidan harorat ko‘tarilib, mavsum uchun biroz noodatiy issiq harorat fonida ob-havo o‘zgarishlariga moyil kishilar dam olish kunduz kunlari o‘zlarida biroz lanjlik, bosh og‘rig‘i va hatto nafas olishning qiyinlashishini boshdan kechirishi mumkin. Ammo bu ham organizmga aytarli yuqori xavf tug‘diradigan jarayon emas. Bir so‘z bilan aytganda, joriy haftadagi ob-havo o‘zgarishlari kishilar salomatligiga sezilarli darajada xavf tug‘dirmaydi.

Bioiqlimiy sharoitlar

Joriy hafta boshidagi namgarchil, keyinroq quruq sovuq kishilarni qalin kiyimlarni kiyib olishga undaydi. Hatto boshni sovuqdan asrash uchun qalpoqlar kiyishga ham ehtiyoj tug‘ilishi mumkin. Chunki joriy antitsiklon jarayoni biroz shamol omili va quruq havo bilan birga real haroratni his qilishni pasaytirib yuboradi. Hafta o‘rtasiga kelib esa qalin kiyimlarni biroz yengilroqlariga almashtirish tavsiya etiladi. Yakshanba kuni peshinga yaqin esa quyosh tafti ostida hatto yengil kiyimlar kiyish bo‘ladi.

Kuzgi sayr-sayohatlarni xush ko‘ruvchilar uchun joriy hafta ayni muddao — yirik shaharlarda daraxtlar oltin ranglarga burkanib, bulutli va quyoshli manzara bilan birga ko‘pchilikka estetik zavq ulashadi. Hafta boshida esa baland tog‘larga qor yog‘ishini kuzatish uchun chiqish mumkin.

Kosmik ta’sirlar

26-oktabr kuni Quyosh sirtidagi kuchli X sinfli chaqnashdan ajralib chiqqan quyosh plazmasi chekkasi dushanba kuni soat 08:00 dan 17:00 davr oralig‘ida Yer magnitosferasiga urilib, sayyorada 4−5 ballik magnit bo‘ronlarini keltirib chiqarishi mumkin.

Manba: xras.ruManba: xras.ru

Qozog‘istondagi Ionasfera institutining joriy hafta ish kunlari uchun taqdim etgan geomagnit bo‘roni prognoziga ko‘ra, bu hafta aholi kuchli geomagnit bo‘ronlaridan bezovtalanmaydi, faqat 29-oktabrdan 31-oktabrga qadar hamda 1-noyabr kunlari geomagnit bo‘roni qo‘zg‘alishining “sokin” davri bo‘lishini prognoz qilgan.

Manba: ionos.kzManba: ionos.kz

Bu kabi prognozlarning o‘zini oqlash darajasi ancha pastligicha qolmoqda. Quyosh o‘zining har 11 yillikdagi eng faol chaqnashlari davrida turibdi. Quyoshda to‘satdan X va M sinfli chaqnashlar soni kuzatilishi bilan uning koronal massasini Quyosh shamollari orqali sayyoramiz yuqori atmosferasiga 2−3 sutkada yetib kelishiga va sayyorada “kuchli”, “juda kuchli” va hattoki “ekstremal” geomagnit bo‘ronlarini keltirib chiqarishi mumkin. Hozirda magnit bo‘ronlarini 2 kundan ortiq sana uchun ishonchli prognoz qiladigan yechimlar mavjud emas.

Tavsiyalar. Magnit bo‘roniga ta’sirchan aholi qatlami bo‘ron vaqti jismoniy zo‘riqishlardan qochishi, ko‘proq dam olishi, ko‘p ovqatlanmasligi, spirtli ichimliklardan tiyilishi maqsadga muvofiq. Shifokorlar bunday paytda ko‘proq suv iste’mol qilishni ham tavsiya etadi.

Ob-havo o‘zgarishlari bilan bog‘liq atmosfera ifloslanishi

Hafta boshida kuzatiladigan yomg‘irli ob-havo muhiti havoda mayda dispers zarrachalari tarqalishiga imkon yaratmaydi. Faqat hafta seshanba va chorshanba kunlari antitsiklonal jarayon fonida quyosh chiqish arafasi va tongda havoda, inversiya hodisasi sabab, xiralik ortishi va ifloslanish ro‘y berishi mumkin. Keyingi havo ifloslanishi esa ko‘proq dam olish kunlariga to‘g‘ri kelishi mumkin. Lekin mazkur ifloslanishlar yuqori ehtimol xavfli darajalarga ega bo‘lmaydi.

Cho‘llarda va janubiy viloyatlarda esa dushanba kuni frontoldi shamollari chang to‘zonlarni keltirib chiqarishi va havoda aynan chang omili hisobiga kuchli ifloslanish yuz berishi mumkin. Bunday paytda qanday harakat qilish lozimligi borasida Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi aholining turli yosh qatlamlari va bemorlar uchun tavsiyalar tayyorlagan.

Shunday qilib, joriy hafta ob-havo bo‘yicha eng qulay kunlar seshanba, payshanba, juma va shanba bo‘lib, iqlimiy o‘zgarishlariga moyil ko‘pchilik shu kunlarda o‘zini ancha yengil his qiladi.