O‘zbekistonlik futbolchi, “SSKA” klubining yarim himoyachisi Abbosbek Fayzullayev OFKning erkaklar orasidagi eng yaxshi yosh o‘yinchisi bo‘ldi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar bermoqda.

U Janubiy Koreyaning Seul shahrida o‘tgan 2023-yilgi yirik musobaqalar, xususan, Osiyo Kubogi 2023 va futzal bo‘yicha Osiyo Kubogi kabi turnirlar davomida o‘z mahoratini namoyish etgan futbolchi, murabbiy va rasmiylarni taqdirlash marosimida mukofotlandi.

“21 yoshli futbolchi 2023/24 yilgi shiddatli mavsum davomida o‘zining inkor etib bo‘lmaydigan iste’dodini namoyish etdi va 2015-yilda Dostonbek Xamdamovdan keyin ushbu mukofotni qo‘lga kiritgan ikkinchi o‘zbekistonlik futbolchiga aylandi”, — deyiladi OFK xabarida.

Mazkur nominatsiyada undan tashqari yaponiyalik Kagu Navata (“Kamigaku U-18”) hamda Janubiy koreyalik Bae Jun Ho (“Stok Siti”) ham nomzodlar qatorida bo‘ldi.

Abbosbek Fayzullayev Qatarda o‘tgan Osiyo Kubogi yarim finalida g‘alaba qozonib, Parijdagi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olgan O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasining bir qismi bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, Abbosbek 2023-yilning yozida “SSKA”ga Toshkentning “Paxtakor” klubidan 500 ming yevro evaziga o‘tgandi. Transfermarkt portaliga ko‘ra, uning hozirgi transfer narxi 2 million yevroni tashkil qiladi.

2023-yilda u jahonning eng yaxshi yosh futbolchisi nomiga ham nomzod bo‘lgandi.