Yuqori soliq va bojlar O‘zbekistonda avtomobil bozorining rivojlanishini sekinlashtirmoqda. Bu haqda KPMG Uzbekistan xalqaro audit kompaniyasi hisobotida aytiladi.

Tadqiqotda avtomobil bozorini rivojlantirishning asosiy omillari sifatida iqtisodiy o‘sish va aholi daromadlarining oshishi, mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish, jumladan, yangi zavodlarni (BYD, Exceed, Hyundai) ishga tushirish, QQS va aksiz solig‘i bo‘yicha imtiyozlar ko‘rinishidagi davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash ko‘rsatilgan.

Boshqa omillar qatorida jamoat transportining rivojlanmagani ham bor, bu esa aholining, ayniqsa, chekka va shahar atrofidagi hududlarda harakatlanishini cheklaydi va aholini shaxsiy avtomobillar sotib olishga majbur qiladi.

Kompaniya, shuningdek, bozor rivojlanishidagi to‘siqlarni ham keltirib o‘tadi. Jumladan, yuqori soliqlar (o‘n baravar oshgan avtomobilni ro‘yxatdan o‘tkazish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun yig‘imlar) va avtomobillarni olib kirishda bojxona to‘lovlari hamda avtokredit olish imkoniyati cheklangan. Sovuq mavsumda yonilg‘ining beqaror ta’minlanishi va uning past sifati avtotransport vositalariga xizmat ko‘rsatish narxining oshishiga olib keladi va ularning iste’molchilar uchun jozibadorligini pasaytiradi.

Birlamchi bozorda bozor narxlarini belgilash amaliyoti tahliliga kelsak, xorijiy avtomobillarni O‘zbekistonga olib kirishda dvigatel hajmiga qarab, bojxona to‘lovlarining umumiy miqdori ularning qiymatining 70 foizi va undan ko‘prog‘iga yetishi mumkin. Miqdorga sinov va ekologik sertifikatlash xarajatlari kiradi (narxning 2−5 foizini tashkil etadi).

KPMG ma’lumotlariga ko‘ra, bo‘lib-bo‘lib sotish dasturlari avtomobil narxini 10−15 foizga oshiradi. Dilerlar, ishlab chiqarish zavodlari va avtosalonlarning umumiy marjasi brendlar va ularning marketing siyosatiga qarab 15 foizga yetishi mumkin.

Avtomobillarni tashish va sug‘urta qilish xarajatlari, ular qayerdan olib o‘tilayotganiga va uning narxiga qarab, 2−10 foizgacha o‘zgarishi mumkin. Reklama xarajatlari 1−2 foizga baholanmoqda.

Chevrolet Cobalt va Damas avtomobillarining narxi O‘zbekistonda avtomobillar narxini belgilashda asosiy omil hisoblanadi, deb yozadi KPMG. Ularning mezon (mo‘ljal) sifatidagi roli bozordagi ustun mavqei (2023-yilda sotuvlar ulushi — 55 foiz), arzonligi, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi va ikkilamchi bozorga ta’siri bilan belgilanadi.

Ikkilamchi bozorda avtomobil narxini belgilashda bir qator omillar hisobga olinadi. Xususan, ekonom-klassdagi mashhur Cobalt, Gentra va Damas avtomobillarining narxlari birlamchi bozordagi tanqislik tufayli foydalanishga topshirilishining dastlabki ikki yilida biroz pasaygan (ko‘pincha pasaymaydi), premium-klassdagi avtomobillar esa yiliga 6 foiz yoki undan ko‘proqqa arzonlashmoqda.

Mashinani ishlatish va sotish joyi narxga 3−5 foiz ta’sir qiladi. Masalan, Toshkentda avtomobillar viloyatlarga qaraganda qimmatroq.

Narxga sotish mavsumi ham ta’sir qiladi. Masalan, qishda avtomobil narxi yonilg‘i bilan bog‘liq muammolar tufayli arzonlashishi mumkin, kuzda esa aholi orasida bo‘sh mablag‘lar paydo bo‘lishi tufayli avtobozorda jonlanish, shuningdek, narxlarda 10 foiz yoki undan ko‘proqqa o‘sish kuzatilmoqda.

Oq rangli mashinalar tezroq sotilmoqda va 3−5 foiz qimmatroq.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi avtotransport vositalariga import bojlari 10,8 foizgacha pasayishiga, shuningdek, avtomobillar eksportining 7,3 foizga, import esa 9,2 foizga oshishiga olib kelishi mumkin. JSTga a’zo bo‘lgan taqdirda ishlab chiqarishning pasayishi 4,7 foizga baholanmoqda.

Avvalroq “Gazeta.uz” Markaziy bank ma’lumotlariga tayanib, yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonda avtomobillar narxining o‘sish sur’ati pasayganini yozgan edi. Bu avtokreditlar foiz stavkalarining oshishi hamda bunday kreditlar berilishining 2,1 barobarga kamayishi fonida yuz berdi. Bozordagi faollikning pasayishi avtomobillarni ro‘yxatdan o‘tkazish to‘lovi oshirilishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.