Fransiya poytaxti Parij shahrida France Football nashrining “Oltin to‘p” sovrinini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda o‘tgan mavsumning eng yaxshi futbolchilari aniqlandi.
Asosiy sovrin — yilning eng yaxshi futbolchisiga beriladigan “Oltin to‘p”ga “Manchester Siti” futbolchisi Rodri munosib ko‘rildi. Rodri o‘tgan mavsum Angliya premiyer ligasi chempioni, “Yevro-2024” g‘olibi va turnirning eng yaxshi o‘yinchisi kabi sovrinlarga ega bo‘ldi. So‘nggi kunlargacha bu sovrinni “Real Madrid” hujumchisi Vinisius Junior olishi kutilayotgandi, biroq tashkilotchilar uni 2-o‘ringa loyiq ko‘rdi.
Yilning eng yaxshi ayol futbolchisi deb esa ketma-ket ikkinchi mavsum “Barselona” futbolchisi Aytana Bonmati loyiq deb topildi.
Rodri va Aytana Bonmati
“Barselona” futbolchisi Lamin Yamal eng yaxshi yosh futbolchi deb topilib, “Kopa Trofi” sovrinini qo‘lga kiritdi. Unga bu nominatsiyada Payu Kubarsi (“Barselona”), Arda Gyuler (“Real Madrid”), Savio Moreyra (“Manchester Siti”), Kobbi Maynu (“Manchester Yunayted”) raqiblik qildi.
“Real Madrid” yilning eng yaxshi klub deb topilgan bo‘lsa, klub murabbiyi Karlo Anchelotti eng yaxshi erkak murabbiyi bo‘ldi.
Argentina terma jamoasi va “Aston Villa” darvozaboni Emiliano Martines eng yaxshi darvozabon uchun beriladigan “Lev Yashin” sovriniga loyiq ko‘rildi. Golkiper ketma-ket ikkinchi marta ushbu sovringa ega chiqdi.
“Bavariya” hujumchisi Harri Keyn hamda “Real” futbolchisi Kilian Mbappega eng yaxshi to‘purarga beriladigan “Gerd Myuller” sovrini nasib etdi.
Eng yaxshi ayollar jamoasi “Barselona” bo‘ldi, “Chelsi”ning ayollar jamoasi murabbiyi Emma Heyes esa eng yaxshi ayol murabbiyi deb topildi.
Futboldan tashqari faoliyati — insonparvarlik yordami uchun “Sokratis sovrini” Jennifer Ermosoga (“Atletiko"/Ispaniya) topshirildi.