O‘zbekistonda 2024-yil 1-dekabrdan xususiy bandlik agentliklari litsenziya olishi uchun zaxira mablag‘lari miqdori kamaytiriladi. Bu haqda “Norma” xabar berdi.

Qayd etilishicha, mablag‘ miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 8500 baravari (3 mlrd 187 mln 500 ming so‘m)dan 4000 baravari (1,5 mlrd so‘m)gacha kamaytiriladi.

Xususiy bandlik agentliklari zaxira mablag‘larini Agentlikning roziligisiz foydalanmaslik sharti bilan tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishi va ushbu depozitlardan olinadigan foiz daromadlarini erkin tasarruf etishi mumkin.

Bu tartib prezidentning 17-oktabr kuni qabul qilingan “Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish jarayonlarini tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan.

Hujjatga ko‘ra, 2024-yil 1-dekabrdan Migratsiya agentligi ta’lim tashkilotlariga xorijda ishlashni istagan fuqarolarni kasblarga va xorijiy tillarga o‘qitish bo‘yicha buyurtmalar joylashtiradi.

Xalqaro e’tirof etilgan ta’lim dasturlari bo‘yicha kasbga o‘qitish uchun Ta’lim kreditlarini moliyalashtirish jamg‘armasi hisobidan ta’lim kreditlari ajratiladi.

Professional ta’lim muassasalari va kasbiy ko‘nikmalar markazlarida faoliyat yuritayotgan xorijiy tillar o‘qituvchilarining reytingi tuziladi. Bunda ingliz, koreys, nemis va yapon tillari bo‘yicha kamida V1 yoki unga tenglashtirilgan darajadagi xalqaro sertifikat olgan bitiruvchilari eng ko‘p bo‘lgan 50 nafar o‘qituvchiga Jamg‘arma hisobidan 50 mln so‘mdan subsidiya to‘lanadi.

Bundan tashqari, kasbga o‘qitish muassasalari (ro‘yxat bo‘yicha) moliyalashtirishning amaldagi tartibini saqlagan holda agentlik tasarrufiga o‘tkaziladi va ular negizida fuqarolarni (yoshlarni) xorijiy tillarga o‘qitish va ularni xorijiy davlatlarda ishlashga maqsadli tayyorlash markazi filiallari tashkil etiladi.