Sirdaryo viloyati Guliston shahrida 18-oktabr kuni voyaga yetmagan bola odam o‘ldirib qo‘ydi. Bu haqda “Gazeta.uz”ga Bosh prokuratura matbuot xizmati ma’lum qildi.
Aniqlanishicha, voyaga yetmagan Sh. A. (o‘g‘il bola, 13 yoshli) hududdagi tashlandiq joydan o‘tib ketayotgan vaqtida uzoq qarindoshi F.J. (erkak, 23 yoshli) uni chaqirib, qo‘lidagi pichoq bilan uni o‘ldirishini so‘ragan. Sh. A. buni rad qilganidan so‘ng, F.J. voyaga yetmagan bolani qo‘rqitgan, shu bois u F.J.ni pichoq bilan qasddan o‘ldirgan.
Jabrlanuvchining jasadi Navbahor mahallasi hududidagi kanalning tashlandiq joyidan topilgan.
BPning ta’kidlashicha, marhum F.J. ruhiy kasalliklar dispanserida “paranoid shizofreniya epizodik kechishi” tashxisi bilan ro‘yxatda turgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “v” bandi (Aybdorga ayon bo‘lgan ojiz ahvoldagi shaxsni qasddan o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.