Xorijda konsert berishni rejalashtirayotgan O‘zbekiston san’atkorlari o‘z gastrollari haqida “O‘zbekkonsert”ni yozma ravishda xabardor qilish shart, deya eslatib o‘tdi davlat muassasasi matbuot xizmati.

Xabarda ta’kidlanishicha, mazkur tartib “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to‘g‘risida”gi qonunining 21-moddasi va boshqa bir qator me’yoriy hujjatlardan o‘rin olgan.

“Muassasasini yozma xabardor qilmasdan O‘zbekistondan tashqarida konsert-tomosha tadbirlarini amalga oshirish litsenziya talab va shartlarini qo‘pol ravishda buzish hisoblanadi”, — deyiladi “O‘zbekkonsert” xabarida.

“Bugungi kunda ushbu talablarga rioya qilmay xorijda konsert dasturlarini rejalashtirib o‘tkazayotgan xonandalar yo‘q emas. Litsenziya talab va shartlariga rioya qilmagan san’atkorlarning litsenziyasi „O‘zbekkonsert“ davlat muassasasi tomonidan muddatidan oldin to‘xtatilishi ma’lum qilinadi”, — deyiladi boshqarmada.

Eslatib o‘tamiz, oktabr oyi boshida Madaniyat vazirligi konsert tashkilotchilariga milliy qadriyat va an’analarga rioya etilishini tekshirish uchun “O‘zbekkonsert”ga batafsil ssenariy taqdim etish majburiyatini yuklashni taklif qildi. Maqsad — sahnadagi “nojoiz xatti-harakatlar”ning oldini olish. Ariza yig‘imi ham joriy etilishi mumkin.