Raqobat qo‘mitasi mikrokredit bo‘yicha tashqi reklamadagi kamchiliklar uchun Davr Bank ATBga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llagani haqida xabar berdi.
O‘rganishlar davomida bank o‘z xizmatlarini tashqi reklamada ko‘rsatishda aniq ma’lumotlarni keltirmagan 2 holat aniqlangan.
Xususan, “Davr mobile ilovasida 50 mln so‘mgacha onlayn mikrokredit” mazmunidagi reklama axboroti bilan tashqi reklama e’lonini bergan.
Mazkur reklama bo‘yicha bankning rasmiy veb-sayti o‘rganilganda, mikroqarz istalgan maqsadlarda foydalanish uchun ajratilishi, Davr mobile ilovasi orqali rasmiylashtirilishi, qarz oluvchi kamida oxirgi 6 oy davomida doimiy ish joyiga hamda oylik daromadga ega bo‘lgan bo‘lishi lozimligi ko‘rsatilgan. Shuningdek, mikroqarz muddati — 60 oygacha, foiz stavkasi — 43,00 foiz, qarz miqdori — 50,0 mln so‘m etib belgilanganligi aniqlangan.
Mikroqarz bo‘yicha qo‘shimcha shartlar va muxim ma’lumotlar tashqi reklamada ko‘rsatilmagan, deyiladi xabarda.
Yana bir holatda Toshkent shaxrining bir qator ko‘chalarida joylashgan LED monitorli reklama obyektlarida “Tadbirkorlar uchun 5 milliard so‘mgacha kredit, 24 foizdan” mazmunidagi reklamalar joylashtirilgan.
Mazkur reklama bo‘yicha bankning rasmiy veb-sayti o‘rganilganda, kredit:
- asosiy vositalarni sotib olish uchun;
- muddati — 60 oygacha;
- foiz stavkasi — 32,99 foiz;
- miqdori — 5 milliard so‘mligi haqidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan.
Kredit bo‘yicha qo‘shimcha shartlar va muxim ma’lumotlar tashqi reklamada ko‘rsatilmagan.
O‘rganishlar natijasida qo‘mitaning Maxsus komissiyasi bankka “Reklama to‘g‘risida”gi hamda “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar talablarini buzish alomatlari bo‘lgani uchun belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atdi. Holat natijasi yuzasidan moliyaviy jarima qo‘llash haqida qaror qabul qilindi.
Bankka qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida bunga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatma berildi.