Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Yandex Eats va Express24 o‘rtasidagi bitim bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlarni taqdim etdi, deya xabar berdi “Spot”.

1-oktabr kuni qo‘mitaga Yandex Eats tomonidan tayyor ovqat va boshqa iste’mol mahsulotlarini buyurtma berish va yetkazib berish agregatori xizmati bo‘yicha, shuningdek, YandexGo UB tomonidan taksi agregatori xizmati bo‘yicha ustun mavqega erishilgani haqidagi xabarnomalar kelib tushgan.

Tegishli buyruq bilan 22-oktabrdan tayyor ovqat va boshqa iste’mol mahsulotlarini buyurtma berish va yetkazib berish agregatori xizmati bozorida Yandex Eats va Express24, taksi agregatori xizmatlari bozorida esa YandexGo UB ustun mavqega ega raqamli platforma operatorlari deb e’tirof etilgan.

Qo‘mita Yandex Eats tomonidan Express24 xizmati aktivlarining bir qismini sotib olish bo‘yicha bitim yuridik shaxsning aksiyalarini (ulushlarini) emas, balki aktivlarni sotib olishdan iborat ekanini ta’kidlagan.

Bitim doirasida Express24 xizmatiga tegishli quyidagi nomoddiy aktivlarni sotib olish rejalashtirilgan:

  • kompyuter dasturlari, jumladan, iOS va Android uchun moslashtirilgan mobil ilovalar, kurerlar uchun ilovalar va boshqalar, operatsion jarayonlarni qo‘llab-quvvatlash dasturi;
  • ma’lumotlar bazalari, jumladan, foydalanuvchi ma’lumotlari, Express24 veb-sayti;
  • https://express24.uz/, exp24.uz, ekspress24.uz, exp.uz domenlari;
  • “Express24: yetkazib berish xizmati”, “Express24: yetkazib berish monstrlari”, “Express dookon” savdo belgilari.

Shuningdek, ushbu tranzaksiya Newmax Technologies`ga tegishli boshqa aktivlarga (shu jumladan, My Taxi taksi agregatori xizmatiga) ta’sir qilmasligi ta’kidlangan.

Bitim, qo‘mitaning qayd etishicha, monopoliyaga qarshi organ bilan oldindan kelishish talabiga tushmaydi, chunki kompaniyalarning aksiyalari (ulushlari) sotib olinmayapti va qo‘shib yuborish yoki qo‘shib olish sodir bo‘lmayapti.

“Shu bilan birga, ushbu bitim iqtisodiy konsentratsiya xususiyatlariga ega bo‘lib, Yandex Eats tomonidan Express24 servisining faoliyatiga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatadi va umumiy hisobda tayyor ovqatlarni yetkazib berish agregatori xizmatlari bozorining 87,5 foizini nazorat qiladi”, deyiladi qo‘mita xabarida.

Hozir mazkur bozorda mahalliy servislar — Uzum Tezkor, Bringo, Girgitton, shuningdek, kafe va restoranlarning o‘z xizmatlari (Telegram-botlar va ilovalar), Rossiyaning Broniboy kompaniyasi mavjud. Shuningdek, sentabr oyidan Wolt servisi ishga tushirildi.

“Bu esa, bugungi kunda bozorda raqobat uchun yetarli sharoitlar mavjudligidan darak beradi. Qo‘mita mazkur bitimning bozordagi raqobat holatiga hamda iste’molchilar manfaatlariga ta’sirini doimiy monitoring qilib boradi”, — deya xulosa qilingan xabarda.

25-oktabr kuni Yandex Uzbekistan Express24 yetkazib berish xizmati aktivlarining bir qismini sotib olayotgani ma’lum bo‘lgandi. Shartnoma “tez orada” yopilishi kutilmoqda. Shundan so‘ng ular yagona texnologik platformaga o‘tadi. 26-oktabr kuni esa YandexGo, Yandex Eats hamda Express24 bozorda ustun mavqega ega raqamli platforma operatorlari sifatida e’tirof etilgandi.