Toshkent tumanidagi xonadonlar va bir qator tashkilotlarda tabiiy gaz ta’minoti vaqtincha to‘xtatiladi. Bu haqda “Toshkenttumangaz” xabar berdi.
Dastlab, hududdagi 42 948 ta xonadon, 610 ta ulgurji tashkilot va 41 ta ijtimoiy soha obyektlarida 30-oktabr kuni soat 8:00 dan ishlar yakunlangunga qadar gaz ta’minoti vaqtinchalik to‘xtalishi belgilangandi.
Bu vaqtda aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan bir me’yorda ta’minlash maqsadida gaz tarmoqlaridagi yozgi diafragmalarni qishki diafragmalarga almashtirish ishlari olib borilishi aytilgan.
Keyinchalik “Hududgazta’minot” AJ 30-oktabr kuni havo harorati pasayib ketishi tufayli ta’mirlash ishlari 1-noyabr, juma kuniga ko‘chirilganini ma’lum qildi. Ishlar soat 08:00 dan 18:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida olib boriladi.
Iqtisodchi Otabek Bakirov 30-oktabr kuni aholi gaz ta’minotidan uzilishi to‘g‘risidagi xabar yuzasidan rasmiylarga murojaat qilgan. U ta’mirlash ishlarini amalga oshirish uchun harorat deyarli nolga yaqinlashadigan kunlar tanlanganining sababini so‘ragan.
“Xo‘p, yozgi diafragramani qishkisiga almashtirishmoqchi ekansizlar, shu paytgacha, masalan, o‘tgan hafta, harorat 20 darajadan yuqori kunlarda nima qildinglar? Nega aynan kuzning eng sovuq kunini tanladinglar?” — deb yozadi bloger.
Ma’lumot o‘rnida, 30-oktabr, chorshanba kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasida, shuningdek, kechasi va ertalab Toshkent viloyatida biroz yomg‘ir yog‘ishi ehtimoli bor. Sovuq havo massasi mamlakat hududidan chekina boshlaydi, harorat kechasi +2…+7 daraja iliqqacha, kunduzi +12…+17 darajagacha ko‘tariladi.
Hafta davomida eng sovuq davr 29-oktabr tonggiga to‘g‘ri kelishi, bunda tog‘larda va Qoraqalpog‘istonning Ustyurt hududlarida havo harorati −7…−5 darajagacha sovuq, Qizilqum cho‘llarida -2 darajagacha sovuq, respublikaning katta qismida esa nol darajagacha, hatto janubiy viloyatlarda ham +1 darajagacha pasayishi prognoz qilingan.