Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniyada 40 000 ga yaqin bevaqt o‘lim xona ichidagi gazni yoqish oqibatida hosil bo‘lgan azot dioksidi ta’siriga bog‘liq bo‘lishi mumkin. Bu haqda Bloomberg Ispaniyadagi Xayme I universiteti olimlari tadqiqotiga asoslanib xabar bermoqda. Tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, gaz plitalari, shuningdek, YI va Britaniyadagi bolalar astma bilan kasallangan yuz minglab holatlar bilan bog‘liq.
Bu gaz plitalarining Yevropa aholisi salomatligiga ta’siri bo‘yicha birinchi shunday tadqiqot hisoblanadi, deb yozdi agentlik. Unda aytilishicha, hozirda Yevropa xonadonlarining uchdan bir qismi gaz plitalaridan foydalanadi. Ovqat pishirilganda, ular nafas olish kasalliklari va erta o‘lim bilan bog‘liq azot dioksidi va zarrachalar, shuningdek, iqlim o‘zgarishiga hissa qo‘shadigan issiqxona gazlari, jumladan, karbonat angidridni chiqaradi.
Tabiiy gaz Yevropa mintaqasida uylarni isitishda ham keng qo‘llanadi, deb eslaydi olimlar. Umuman olganda, YIdagi barcha issiqxona gazlari chiqindilarining taxminan 25 foizi uy xo‘jaliklari hissasiga to‘g‘ri keladi.
“Jamoat salomatligi nuqtai nazaridan, gaz plitalari zaharli”, — dedi tadqiqot muallifi Xuana Mariya Delgado-Saborit Bloomber’ga. Gaz plitalari tufayli erta o‘lim muammosi, dedi u, “biz o‘ylagandan ancha yomonroq”.
Hali ham ekspertlar tomonidan ko‘rib chiqilmagan tadqiqot nodavlat notijorat Yevropa iqlim jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilgan va Yevropa sog‘liqni saqlash ittifoqi tomonidan tashkil etilgan kengroq “toza tayyorlash loyihasi"ning bir qismi hisoblanadi.
Delgado-Saboritning qo‘shimcha qilishicha, gaz plitalaridan foydalanuvchilar sog‘liqqa ta’sirini kamaytirish uchun ovqat pishirish vaqtida maydonni ventilyatsiya qilishi va ularni elektr turiga almashtirish haqida o‘ylashi kerak. Uning so‘zlariga ko‘ra, erta o‘limlar soni haqiqatan ham ko‘proq, chunki gaz plitalari tadqiqotga kiritilmagan boshqa ifloslantiruvchi moddalarni ham chiqaradi.
Bloomberg’ning yozishicha, ko‘plab Yevropa hukumatlari iqlim maqsadlariga erishish uchun gazni bosqichma-bosqich bekor qilish maqsadlarini joriy qilgan. Yevropa Komissiyasi hozirda gaz plitasi dizayni standartlarini ko‘rib chiqmoqda — bu NO2 emissiyasi, energiya samaradorligi va ifloslanish belgilariga nisbatan qattiqroq cheklovlarni o‘rnatishni o‘z ichiga olishi mumkin.
- Avvalroq Stenford universiteti (AQSh) olimlari ham gaz plitalari xavfli miqdorda azot dioksidi chiqarishini aniqlagan edi. Ular ushbu birikma bolalarda astma va boshqa nafas olish kasalliklarini keltirib chiqarishi, shuningdek, erta o‘limga olib kelishi mumkinligini ta’kidlagandi. Tadqiqotchilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, Amerika uy xo‘jaliklarida NO2`ning uzoq muddatli ta’siri har yili 19 ming nafar kattalar o‘limiga sabab bo‘lishi mumkin.