28-oktabr kuni kechqurun Tbilisidagi Rustaveli shohko‘chasida Gruziya parlamenti saylovlari yakunlariga qarshi norozilik namoyishi bo‘lib o‘tdi.

Buning oqibatida shohko‘cha bir muddat yopilgan. Xavfsizlik kuchlari parlamentga tutash ko‘chalarda yig‘ilgan. Paper Kartuli ma’lumotlariga ko‘ra, aksiyaga 300 ga yaqin odam kelgan. Tashkilotchilarga kichikroq sahna o‘rnatishga ruxsat berilgan.

Shuningdek, Vengriya bosh vaziri Viktor Orban kechqurun Tbilisiga yetib kelgan. Rustaveli prospektidan Vengriya bayroqlari tushirilgan bir necha mashina o‘tgan. Namoyish ishtirokchilari ularga hushtak chalgan. Bosh vazir mazkur shohko‘chada joylashgan “Marriott” mehmonxonasida tunagan.

Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili ham norozilik aksiyasiga qo‘shilgan. U avvalroq parlament saylovi natijalarini tan olmasligini aytib, tarafdorlarni mitinglarga chiqishga chaqirgandi.

Prezident o‘z nutqida xalqaro yetakchilar bilan gaplashganini aytdi. Zurabishvilining so‘zlariga ko‘ra, uning suhbatdoshlari saylov natijalarini tan olmaganliklarini bildirgan.

Foto: PublikaFoto: Publika

“Biz sizning konstitutsiyaviy ovoz berish huquqingizni himoya qilish uchun kurashamiz. Hozir pessimizmning vaqti emas, hozir xotirjamlikda boshni ko‘tarib o‘z ovozingizni himoya qilish muhim”, — dedi prezident.

“Novaya gazeta Yevropa” va “Dojd”ning yozishicha, aksiya yakunida ishtirokchilar Yevropa Ittifoqi va Gruziya madhiyalarini ijro etgan. Shundan so‘ng namoyishning tugashi sahnadan e’lon qilingan va namoyishchilar tarqala boshlagan.

Aksiyada asosiy talab xalqaro tashkilotlar kuzatuvi ostida yangi saylovlar o‘tkazish bo‘ldi. Shu bilan birga, yangi parlament ishiga boykot saqlanib qolmoqda, deb yozadi bloger Nikolay Levshits.

Miting tinch o‘tgan, hech kim hibsga olinmagan.

Gruziyada parlament saylovlari 26-oktabr kuni bo‘lib o‘tdi. MSK ma’lumotlariga ko‘ra, hukmron “Gruzin orzusi” partiyasi 53,9 foiz ovoz va parlamentda ko‘pchilikni qo‘lga kiritdi. Xalqaro kuzatuvchilar ovoz berish qoidabuzarliklar bilan o‘tganini ta’kidladi. Saylovdan so‘ng to‘rtta asosiy muxolifat bloki vakillari yangi parlamentni boykot qilishlarini e’lon qildi.