2025-yilda O‘zbekiston nomidan va davlat kafolati ostida tashqi qarzlarni jalb qilish bo‘yicha yillik imzolanadigan yangi bitimlarning cheklangan hajmi 5,5 mlrd dollar bo‘lishi rejalashtirilmoqda. Bu Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan 2025-yilgi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasida qayd etilgan.
5,5 mlrd dollardan 3 mlrd dollari davlat budjetini qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan, davlat budjeti taqchilligini moliyalashtirish uchun, 2,5 mlrd dollar esa investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladi.
Qonun loyihasida O‘zbekiston nomidan chiqariladigan davlat qimmatli qog‘ozlarining cheklangan sof hajmi 30 trln so‘m, davlat tomonidan qabul qilinadigan majburiyatlar (sotib olish yoki to‘lab berish) va tasdiq xatlari berilishi talab qilinadigan barcha davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida imzolanadigan yangi loyihalar qiymatining cheklangan hajmi 6,5 mlrd AQSh dollari miqdorida belgilangan.
2024-yil 1-iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning davlat qarzi yilning dastlabki olti oyi ichida 2,1 mlrd dollarga ko‘payib, 37 mlrd dollardan oshgan. Kreditlar asosan davlat budjetini qo‘llab-quvvatlash uchun jalb qilingan.