Yanvar-sentabr oylarida O‘zbekiston aholisining umumiy daromadlari 644,1 trillion so‘mga yetgani prezident huzuridagi Statistika agentligi hisobotida qayd etildi.
Umumiy daromad — aholi farovonligi darajasining asosiy ko‘rsatkichlaridan biri hisoblanadi. U nafaqat mehnat faoliyati va mustaqil ish bilan bandlikdan, balki mulkdan (foizlar, dividendlar, gonorarlar va boshqalar) hamda transferlardan (pensiyalar, nafaqalar, stipendiyalar, pul o‘tkazmalari) olingan daromadlardan ham iborat bo‘ladi. Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan umumiy daromad ma’lum bir hududda (masalan, mamlakatda) aholi tomonidan olingan umumiy daromadning shu hudud aholisi soniga nisbatidir. Bu har bir fuqaroning o‘rtacha qancha daromad olishini baholash va turli mintaqalar yoki mamlakatlarning turmush darajasini taqqoslash imkonini beradi.
Nominal hisobda o‘sish 17,9 foizни, real o‘sish sur’ati (inflyatsiyani hisobga olmaganda) esa 7,7 foizни tashkil etdi. O‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 14,3 foiz va 3,5 foiz bo‘lgan edi, ya’ni daromadlarning o‘sish ko‘rsatkichlari yaxshilangan.
Aholi umumiy daromadlari tarkibida o‘zini o‘zi band qilishdan olingan daromadlar norasmiy iqtisodiyotni hisobga olgan holda qayta baholanganligi fonida yaxshilanish yuz berdi. Ilgari tadqiqot doirasida norasmiy baho 26 trln so‘mga baholangan edi. Ushbu raqamlarni hisobga olgan holda, 2023-yilda YAIM 1,19 kvadrillion so‘mga yoki 101,6 milliard dollarga (avvalgi ma’lumotlarga ko‘ra — 1,06 kvadrillion so‘m yoki 86,1 milliard dollar) oshdi.
Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan umumiy daromad 15,5 foizga (inflyatsiyani hisobga olgan holda — 5,5 foizga) — 14,4 million so‘mdan 17,4 million so‘mgacha (oyiga 1,93 million so‘m) oshdi. O‘tgan yilning shu davrida o‘sish 11,9 foiz va 1,4 foizni tashkil etgan edi.
Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha nominal umumiy daromad respublika o‘rtacha ko‘rsatkichidan Toshkent shahrida (31,98 mln so‘mdan 40,1 mln so‘mgacha), Navoiy viloyatida (22,8 mln so‘mdan 27,5 mln so‘mgacha), Buxoro viloyatida (16,98 mln so‘mdan 20,1 mln so‘mgacha) va Toshkent viloyatida (15,1 mln so‘mdan 17,8 mln so‘mgacha) yuqori bo‘ldi.
Eng past ko‘rsatkichlar Qoraqalpog‘istonda (12,08 mln so‘m), Namangan viloyatida (12,8 mln so‘m) va Surxondaryo viloyatida (13,2 mln so‘m) qayd etildi.
Aholi jon boshiga daromadlarning eng yuqori real o‘sishi Toshkent shahri (+10,5 foiz), Andijon (7,6 foiz), Samarqand (6,5 foiz) va Navoiy (6,4 foiz) viloyatlarida kuzatildi. Farg‘ona viloyati va Surxondaryoda o‘sish atigi 1,3 foiz va 1,5 foizni tashkil etdi. Bunda o‘sish ko‘rsatkichlari o‘tgan yilgi ma’lumotlarning aniqlanishini hisobga olgan holda keltirilgan.
Hududlar o‘rtasidagi tabaqalanish kuchaydi. Yil davomida aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadlardagi farq eng boy va eng kambag‘al uch mintaqa o‘rtasida 2,2 barobardan 2,3 barobargacha oshdi. Taqqoslash uchun: 2020-yilda bu farq 2,15 barobarni tashkil etgan edi. Toshkent va Qoraqalpog‘iston o‘rtasidagi daromadlar farqi 3,13 barobardan 3,32 barobargacha ko‘tarildi.
Daromadlar tarkibida mehnat faoliyatining ulushi (yollanma ishchilar va o‘zini o‘zi band qilganlar) 63,8% dan 62,8 foizgacha pasaydi. Yollanma ishchilarning daromadi o‘tgan yilning dastlabki to‘qqiz oyidagi 20,1 foizga nisbatan 17,4 foizga, o‘zini o‘zi band qilganlarniki esa 16 foizga nisbatan 15,3 foizga o‘sdi.
Shu bilan birga, transferlardan olingan daromadlar (pul o‘tkazmalari, nafaqalar, pensiyalar, stipendiyalar) ulushi 26,8% dan 26,5 foizgacha kamaydi.
Aholining umumiy daromadlari (boshqa joriy transfertlarni qo‘shgan holda) tarkibida xorijdan olingan pul o‘tkazmalarining ulushi 16,9 foizni tashkil etdi. O‘tkazmalarga eng ko‘p Andijon (jami daromadlardagi ulushi 28,5 foiz), Farg‘ona (26,3 foiz) va Xorazm (24,5 foiz) viloyatlari aholisi ko‘proq bog‘liq.