O‘zbekistonda 2025-yilda mahalliy budjetlar mustaqilligini oshirish uchun ular ixtiyorida qoladigan soliq tushumlarini ko‘paytirish rejalashtirilmoqda. Bu 2025-yil uchun davlat budjeti bo‘yicha qonun loyihasida qayd etilgan.
Bu yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk va yer solig‘i, aylanmadan soliq va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i hisobiga amalga oshiriladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligiga ko‘ra, 2024-yilda transfert oluvchi tumanlar soni (xarajatlari daromadlaridan ko‘p) 188 tani tashkil etdi. 2025-yilda bu ko‘rsatkich mahalliy budjetda qoladigan soliqlar miqdorini oshirish orqali 110 tagacha kamayishi kutilmoqda (-78 ta).
Tuman budjetlariga transfert miqdori 2024-yilda 18,5 trln so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilda 7,8 trln so‘mgacha kamayadi (-10,7 trln so‘m). Bu orqali tuman xarajatlaridagi transfertlarning ulushi hozirgi 48 foizdan 21 foizgacha pasayadi (-27 foiz). Tuman budjetlari daromadi esa hozirgi 19,9 mlrd so‘mdan 29,3 mlrd so‘mgacha oshadi (+47 foiz).
“2027-yilga kelib barcha tumanlarni o‘z-o‘zini qoplashga o‘tkazilishi kutilmoqda”, — dedi Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Axadbek Xaydarov qonun loyihasi bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida.
Hozirda tuman budjetiga quyidagi soliqlardan tushgan mablag‘lar yo‘naltirilmoqda: YATTlardan daromad solig‘i, jismoniy shaxslarning mol-mulki ijarasidan daromad solig‘i, ulardan olinadigan mol-mulk va yer soliqlari, noruda qurilish materiallari bo‘yicha nedra solig‘i, suv resurslari solig‘i.
2025-yildan boshlab quyidagi tushumlar ham tumanda qoldiriladi: jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining kamida 50 foizi, aylanma solig‘i, yuridik shaxslardan olinadigan yer va mol-mulk soliqlari (yirik soliq to‘lovchilar tushumlaridan tashqari), davlat mulki ijarasidan daromadlar.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetiga, viloyat budjetlariga va Toshkent shahar budjetiga quyidagilar to‘liq hajmda o‘tkaziladi: yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq (yirik soliq to‘lovchilar tomonidan to‘lanadigan soliqlar); yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i (yirik soliq to‘lovchilar tomonidan to‘lanadigan soliqlar); benzinni, dizel yoqilg‘isini va gazni yakuniy iste’molchilarga realizatsiya qilishdagi aksiz solig‘i; tamaki mahsulotlari (import orqali kirgan mahsulotlardan tashqari) uchun aksiz solig‘i bo‘yicha tushumlar (1-iyul holatiga ko‘ra aholisi sonining respublika aholisi sonidagi ulushiga muvofiq).
Bunda daromadlar bo‘yicha prognozning bajarilmagan qismi Qoraqalpog‘iston Respublikasining budjetiga, viloyat budjetlariga va Toshkent shahar budjetiga respublika budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi, daromadlar bo‘yicha prognozning oshirib bajarilgan qismi esa respublika budjeti ixtiyorida qoladi.
Soliqlar Qoraqalpog‘iston budjetiga, viloyat budjetlariga va Toshkent shahar budjetiga quyidagi ulushlarda o‘tkaziladi:
- jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan tushgan tushumlarning (jismoniy shaxslar mol-mulkni ijaraga berishdan olinadigan yillik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiyaga asosan to‘laydigan, shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlar to‘laydigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan tashqari) Navoiy viloyatida 66 foizi, Toshkent viloyatida 51 foizi, Toshkent shahrida 12 foizi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va boshqa viloyatlarda 100 foizi;
- foyda solig‘idan tushumlarning (prezident qarori bilan tasdiqlanadigan ro‘yxatga muvofiq yirik soliq to‘lovchilar, O‘zbekistonda doimiy muassasa orqali faoliyatni amalga oshiruvchi norezidentlar, shuningdek norezidentlarning to‘lov manbaida ushlab qolinadigan daromadlaridan to‘lanadigan foyda solig‘idan tashqari) Navoiy viloyatida 70 foizi, Toshkent viloyatida 49 foizi, Toshkent shahrida 12 foizi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va boshqa viloyatlarda 100 foizi;
- alkogol mahsulotlari, shu jumladan, pivo (import orqali kirgan alkogol mahsulotlari va pivodan tashqari) uchun ishlab chiqaruvchilar tomonidan to‘lanadigan aksiz solig‘ining Toshkent viloyati va Toshkent shahrida 5 foizi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va boshqa viloyatlarda 30 foizi.
Quyidagi daromadlar respublika budjeti va Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari o‘rtasida taqsimlanadi: davlat bojlari; jarimalar; yig‘imlar; davlat daromadiga o‘tkazilgan mol-mulkni realizatsiya qilishdan tushumlar.
Davlat aktivlarini sotishdan mahalliy budjetlarga tushadigan tushumlar tumanlar va shaharlar budjetlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari o‘rtasida teng ulushlarda taqsimlanadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari:
- tegishli darajadagi mahalliy budjetlarga ajratiladigan soliqlarni va boshqa turdagi daromadlarni (shu jumladan, ushbu moddaning uchinchi, to‘rtinchi va beshinchi qismlarida ko‘rsatilgan daromadlarni) hamda budjetlararo transfertlarni taqsimlashga;
- daromadlarning prognozini oshirib bajarishdan olingan mablag‘larning bir qismini tumanlar va shaharlar budjetlariga hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish uchun berishga haqli.
2025-yilgi davlat budjeti bo‘yicha qonun loyihasida, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar kengashlari turar joy va noturar joylar bo‘yicha ijara to‘lovining eng kam stavkalariga nisbatan tuman va shaharlar kesimida, ularning iqtisodiy rivojlanishiga qarab 2,0 gacha oshiruvchi koeffitsiyent qo‘llashga haqli ekani belgilanmoqda. Bunda Toshkent shahri xalq deputatlari kengashi tomonidan ushbu koeffitsiyent Soliq kodeksida yer solig‘ini hisoblash maqsadlarida belgilangan zonalar kesimida qo‘llaniladi.
Shuningdek, Xalq deputatlari tumanlar va shaharlar kengashlari tumanlar hamda shaharlarning ommaviy dam olishga va (yoki) turizmga ixtisoslashtirilgan ayrim hududlarida mol-mulkni ijaraga beruvchi jismoniy shaxslar uchun belgilangan ijara to‘lovining eng kam stavkalariga Toshkent shahri uchun belgilangan miqdorlargacha o‘sib boruvchi koeffitsiyentlarni joriy etishga haqli ekani qayd etilmoqda.