O‘zbekistonda mavjud 208 ta tuman (shahar)da jami 9452 ta mahalla fuqarolar yig‘ini faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bu haqda 25-oktabr kuni “Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi” doirasida O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi Qahramon Quronboyev ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Uning qayd etishicha, bitta mahallada ko‘pi bilan 5500 nafar aholi yashaydi, ularni boshqarish uchun 2023-yili “mahalla yettiligi” tizimi joriy etildi.

“2023-yilda hurmatli prezidentimizning qaror va farmonlari bilan „mahalla yettiligi“ tizimi yaratildi. Yettilikka mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim va soliq inspektori kiradi. Ular mahalladoshlarimizning muammosini joyida hal etishga yordamlashadi. Ochig‘ini aytaman, bu „mahalla yettiligi“ tizimi dunyoning birorta davlatida yo‘q”, — dedi O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi.

Quronboyevning tushuntirishicha, mahalla raisi mahalla obodligi va xalq farovonligi uchun amalga oshiriladigan umumiy ishlarga rahbarlik qiladi. Hokim yordamchisi aholini kambag‘allikdan chiqarishga ko‘maklashib, bandlikni ta’minlash va odamlarga kredit olishga yordamlashadi. “Bundan olti yil oldin mamlakatimizda kambag‘allik darajasi 24 foiz bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda 12−13 foizga tushdi”, deya qo‘shimcha qildi Qahramon Quronboyev.

Unga ko‘ra, xotin-qizlar faoli mahalladagi ayollar manfaatini himoya qilib, ularning muammolarini hal qilishga ko‘maklashadi. Soliq inspektori tadbirkorlik subyektlariga ko‘makchi bo‘lsa, ijtimoiy xodim o‘z hududidagi nogironligi bo‘lgan shaxslarga yordam berish bilan shug‘ullanadi. Yoshlar yetakchisi esa mahallada yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tishiga javob beradi.

Tadbirdan so‘ng OAV vakillariga intervyu bergan Qahramon Quronboyev bugungi kunda “mahalla yettiligi” tizimida qancha xodim faoliyat yuritayotgani haqidagi savolga “Hozirda 51 137 nafar odam yettilikda ishlayapti”, deya javob qaytardi.