O‘zbekistonda aholini ichimlik suv bilan ta’minlash darajasi 2017-yilda 64 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2024-yil apreliga kelib bu ko‘rsatkich 77 foizga yetgan. Ya’ni, hali ham ichimlik suv ta’minotidan qiynalayotgan aholi punktlari mavjud. Ular orasida yaqin-yaqingacha Namangan viloyati Kosonsoy tumanidagi Soycha qishlog‘i ham bor edi.
4875 nafar kishi yashaydigan mazkur qishloqqa suv undan 1715 uzoqlikdagi quvurlar tortib kelindi, qishloqning o‘zida balandligi 18 metr bo‘lgan suv minorasi qurildi. Qishloqdagi suv tarmog‘ining uzunligi salkam 20 kilometrga yetdi. Bu ishlarning bari “O‘zbekistonning olis hududlarini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash va sanitariya loyihasi” doirasida bajarildi.
Loyiha Aholi turmush tarzini rivojlantirishga ko‘maklashish respublika “Taraqqiyot” jamg‘armasi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi va Yaponiyaning “JTI Global WASH Initiative SA” jamg‘armasi hamkorligida amalga oshirilmoqda. Bunda yapon jamg‘armasi ajratgan 2 mln dollar evaziga 2024−2026-yillarda Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlaridagi jami 24 mingdan ziyod aholi istiqomat qiluvchi qishloqlarni, xususan, ulardagi bog‘cha-maktablar, tibbiyot muassasalarini ichimlik suv bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Farg‘ona vodiysidagi o‘nlab qishloqlarda olib borilgan o‘rganishlar asosida suv infratuzilmasini yaxshilashga ehtiyojmand ikkita aholi punkti saralab olingan. Saralash bir necha mezon asosida qilingan. Dastlabki mezon — qishloq aholisi soni 4000 (to‘rt ming) kishidan ko‘p bo‘lishi. Ikkinchisi — qishloqning ichimlik suv bilan ta’minlanganlik darajasi. Andijon, Namangan va Farg‘ona O‘zbekistonning eng sersuv hududlari bo‘lishiga qaramay, ichimlik suv bilan ta’minlanganlik darajasi hali 100 foiz emas.
Uchinchi mezon — aholining loyihani amalga oshirishda ishtirok etishga tayyorligi. Loyiha bo‘yicha, ichimlik suv ta’minoti bo‘yicha boshqaruv vakillari qishloq aholisining o‘zidan tayyorlanishi kerak. Saylangan, tanlab olingan vakilga ishning sir-asrorlari o‘rgatiladi. NNT sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan tashkilotni mahalliy aholidan chiqqan mutaxassis boshqarishi nazorat va monitoringning shaffof bo‘lishiga xizmat qiladi.
Keyingi mezonlar — qishloqda suv orqali yuquvchi kasalliklarning ko‘p-kamligi va unda muqobil ichimlik suv manbalari bor-yo‘qligi. U yoki bu qishloqda suv orqali yoki aynan suvsizlik oqibatida yuqadigan kasalliklar haqida ma’lumot olish uchun aholi orasidan fokus-guruhlar shakllantirilgan. So‘rovlar vaqti aholi vakillari diareya va gepatit kabi xastaliklar bilan kasallanishlar, gelmintlar bilan bog‘liq salbiy holatlarni tilga olgan.
“Loyiha ma’lum bir qishloqqa faqat suv tortib kelish bilan kifoyalanib qolmaydi. Masalan, aholining iqlim o‘zgarishining atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha xabardorligini oshirish maqsadida treninglar o‘tkazish ham ko‘zda tutilgan”, — deydi “Taraqqiyot” markazi eksperti Nurbek Po‘latov.
Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumanidagi 5200 kishi yashovchi Farg‘ona qishlog‘i loyiha doirasida ichimlik suv bilan ta’minlanadigan ikkinchi manzil bo‘ladi.