Shavkat Mirziyoyev 28-oktabr kuni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga skuter va shaxsiy harakatlanish vositalari haydovchilari tomonidan yo‘l harakati qoidalarini buzishga oid o‘zgartishlar kiritilgan qonunni imzoladi. O‘zgartishlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 16-iyulda qabul qilingan va Senat tomonidan 20-sentabrda ma’qullangan. Ular 28-oktabrdan e’tiboran kuchga kirdi.
Qonunda ta’kidlanishicha, elektr dvigatel o‘rnatilgan kichik hajmli transport vositalari va shaxsiy harakatlanish vositalarining ommalashuvi ortib borayotgani sababli ulardan foydalanish bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalarining oldini olish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish zarurati yuzaga keldi.
Skuterlar deganda elektr dvigatel o‘rnatilgan kichik hajmli transport vositalari, shaxsiy harakatlanish vositalari deganda esa elektr samokatlar, elektr skeytbordlar, segveylar, unitsikllar, monog‘ildiraklar va boshqa shunga o‘xshash bir yoki bir nechta g‘ildirak yoki rolikli dvigatel o‘rnatilgan vositalar tushuniladi.
Yangilangan 138-moddaga (piyodalar va boshqa yo‘l harakati ishtirokchilari tomonidan yo‘l harakati qoidalarini buzish) ko‘ra, skuterlar va shaxsiy harakatlanish vositalarini (mopedlar va velosipedlar, ot-aravalarni boshqarayotgan va yo‘ldan foydalanuvchi boshqa shaxslar kabi) boshqarayotgan shaxslar tomonidan yo‘l harakatini tartibga soluvchi signallarga bo‘ysunmaslik, ustunlik yo‘l belgilari, taqiqlovchi yoki ko‘rsatma beruvchi yo‘l belgilari talablariga rioya qilmaslik bazaviy hisoblash miqdorining 1/3 qismi (hozirda 125 ming so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Shaxsiy harakatlanish vositalari va skuterlar, shuningdek, mopedlar va velosipedlar belgilangan tartibda nur qaytargichlar va chiroqlar bilan jihozlangan bo‘lishi kerak. Ushbu talabni buzganlik uchun BHMning 0,5 baravari (187,5 ming so‘m) miqdorida jarima nazarda tutilgan.
Shaxsiy harakatlanish vositalari va skuter haydovchilari tomonidan odamlarni tashiganlik uchun ham xuddi shunday jarima qo‘llaniladi.
Skuter va shaxsiy harakatlanish vositasini (shuningdek moped, velosiped yoki arava haydovchi) boshqaruvchi shaxs tomonidan alkogolli ichimlik, giyohvand modda ta’sirida yoki boshqa turdagi mastlik holatida yo‘l harakati qoidalarini buzish BHMning 3 baravari (1 mln 125 ming so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Skuter yoki shaxsiy harakatlanish vositasini (moped va velosiped kabi) boshqarayotgan shaxs tomonidan mastlik holati bo‘yicha tekshiruvdan o‘tishdan bosh tortish (136-modda bilan to‘ldirilgan) BHMning 3 baravari (1 mln 125 ming so‘m) miqdorida jarima solishga olib keladi.
Yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy bayonnoma tuziladi (maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnik vositalari bilan qoidabuzarliklarni qayd etish hollari bundan mustasno). Avvalgi kodeks yo‘lovchi tomonidan transport vositasi harakatlanayotgan paytda uning tana qismlarini (qo‘ldan tashqari) salondan chiqarib yurishi (jarima BHMning 1 baravari — 375 ming so‘mni tashkil etadi) va moped, velosiped, ulovli aravani haydovchi tomonidan alkogol, giyohvandlik moddalari yoki boshqa tarzda mastlik holatida yo‘l harakati qoidalarini buzish (3 BHM) kabi holatlar bo‘yicha bayonnoma tuzmaslikka ruxsat berardi.