Prezidentning tegishli qarori bilan Sherzod Karimov maktabgacha va maktab ta’limi vaziriga yangi birinchi o‘rinbosar bo‘ldi, deb xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Bu lavozimda u yaqinda Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori o‘rinbosari etib tayinlangan Usmon Sharifxo‘jayevni almashtirdi.

Qayd etilishicha, Sherzod Karimov 2006—2012-yillarda xalq ta’limi tizimida, 2012−2018-yillarda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimida faoliyat yuritgan.

2018−2024-yillarda Vazirlar Mahkamasi ta’lim, ijtimoiy rivojlanish masalalari departamenti kotibiyat bo‘limida yetakchi, bosh mutaxassis, shu’ba mudiri, kotibiyat mudirining o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan.

U 2024-yil 28-fevraldan bugungacha Vazirlar Mahkamasi “Mahalla yettiligi”, yoshlar siyosati va ma’naviyat masalalari departamenti Yoshlar siyosati, maktabgacha va maktab ta’limi, sog‘liqni saqlash va ma’naviyat masalalari bo‘limi boshlig‘i sifatida ishlayotgan edi.