O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025-yilgi davlat budjeti va 2026−2027-yillarga mo‘ljallangan maqsadli ko‘rsatkichlar to‘g‘risidagi qonun loyihasini muhokamaga qo‘ydi.

budjet  defitsiti, budjet 2025

Kelgusi yilda yalpi ichki mahsulot 6 foizga (o‘tgan yilgi prognozdan past) — 1,63 kvadrillion so‘mgacha, 2026−2027-yillarda esa mos ravishda 6,1 foiz va 6,3 foizga o‘sishi kutilmoqda. O‘sish sur’ati sanoatda 6,1 foiz, xizmatlar sohasida 14,5 foiz, qishloq xo‘jaligi sohasida 4,1 foiz bo‘lishi kutilmoqda. Ushbu ko‘rsatkichlarga “har bir sohada tarkibiy islohotlarni sifatli davom ettirish” orqali erishish kutilmoqda.

Inflyatsiyani 2025-yilda 7 foizgacha, 2026-yilda 5−6 foizgacha, 2027-yilda 5 foizgacha tushirish rejalashtirilgan. Bu Markaziy bankning rejalaridan farq qiladi, regulyator avvalroq 5 foizlik inflyatsiyaga erishish bo‘yicha muddatni 2025-yilning ikkinchi yarmigacha kechiktirgandi.

Loyihada o‘rta muddatli istiqbolga mo‘ljallangan soliq-budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilab berilgan.

Konsolidatsiyalangan budjet taqchilligi 2025-yilda ham, 2026−2027-yillarda ham YAIMga nisbatan 3 foizni tashkil qilishi kutilmoqda.

Asosiy soliq stavkalari o‘rta muddatli istiqbolda o‘zgarishsiz qoladi. Shu sababli budjet daromadlari bazasini kengaytirish, berilgan soliq, bojxona imtiyozlarini samarasi va bergan natijasiga qarab qayta ko‘rib chiqish va bosqichma-bosqich bekor qilish rejalashtirilmoqda.

Soliq va budjet siyosatini Jahon savdo tashkiloti talablariga bosqichma-bosqich muvofiqlashtirish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, davlat qarzi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 60 foizlik makroiqtisodiy xavfsiz darajadan, o‘rta muddatli istiqbolda esa yalpi ichki mahsulotga nisbatan 50 foizdan oshmasligini ta’minlash bo‘yicha barcha choralar ko‘riladi.

Davlat qarzi 45 mlrd dollargacha (YAIMga nisbatan 36,4 foiz), 2027-yilda esa 55,9 mlrd dollargacha (YAIMga nisbatan 36,7 foiz) oshishi kutilmoqda.

Yillik budjetni shakllantirishda “Natijaga yo‘naltirilgan budjet” tizimini bosqichma-bosqich to‘laqonli joriy etish, ish haqi va pensiya miqdorlarini inflyatsiyadan kam bo‘lmagan miqdorda oshirib borish, budjet ochiqligini ta’minlash hamda budjetni shakllantirishda fuqarolar ishtirokini yanada oshirish, davlat sektorida ichki nazorat va ichki auditni takomillashtirish hamda kuchaytirish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, davlat budjeti loyihasini tayyorlash hamda ko‘rib chiqishda milliy barqaror rivojlanish maqsadlarini aks ettirish, “Yashil budjetlashtirish” tamoyillarini bosqichma-bosqich joriy etish, atrof-muhit va tabiat muhofazasi, iqlim o‘zgarishiga moslashish tadbirlarining, suv sarfini kamaytirish va iqtisod qilib ishlatilishini rag‘batlantiruvchi tadbirlar ustuvorligini ta’minlash, xalqaro ekspertlar bilan birgalikda budjet xarajatlari tuzilmasini to‘liq qayta ko‘rib chiqish belgilangan.

budjet  defitsiti, budjet 2025

Shundan kelib chiqib, 2025-yilda budjetlararo transfertlarni hisobga olmagan holda konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari 431 trln 65,3 mlrd so‘mni, xarajatlari esa 480 trln 330,6 mlrd so‘mni tashkil etishi kutilmoqda (konsolidatsiyalashgan budjet defitsiti -49 trln 265,3 mlrd so‘m). Budjetning o‘zining daromadlari esa 308 trln 546,9 mlrd so‘m, xarajatlari 290 trln 209,1 mrld so‘m bo‘ladi.

Defitsit davlatning ichki va tashqi qarzlari, davlat aktivlarini xususiylashtirishdan tushgan mablag‘lar va boshqa manbalar hisobidan qoplanishi rejalashtirilgan.

Davlat maqsadli jamg‘armalari daromadlari 66 trln 516,1 mlrd so‘mga, xarajatlari 117 trln 234,5 mlrd so‘mga yetishi rejalashtirilmoqda. Bunda davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari defitsiti -32 trln 380,6 mlrd so‘mga yetadi. Yil davomida davlat maqsadli jamg‘armalariga 54 trln 367,2 mlrd so‘m transfertlar ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Pensiya jamg‘armasining budjetdan tashqari tushumlari 58,9 trln so‘m, xarajatlari 74,9 trln so‘m bo‘lishi kutilmoqda.

Davlat dasturlari bo‘yicha tashqi qarzlar hisobidan rejalashtirilgan xarajatlar 18,4 trln so‘mni tashkil etadi.

2025-yil Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasiga tushumlar 22 trln 249,4 mlrd so‘mni tashkil etib, jamg‘arma mablag‘larining 20 trln 293,7 mlrd so‘mi sarflanadi.

Kelgusi yilda O‘zbekiston ko‘proq qarz jalb qilishi mumkin. Agar 2024-yilda davlat kafolati ostida tashqi qarz jalb qilish chegarasi 5 mlrd dollar bo‘lsa, kelgusi yilda ko‘rsatkich 5,5 mlrd dollar bo‘ladi. Ushbu mablag‘ning 3 mlrd dollari davlat budjetini qo‘llab-quvvatlashga, 2,5 mlrd dollari esa investitsiya loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Davlat qarz portfelini diversifikatsiya qilish va valyuta risklarini kamaytirish maqsadida O‘zbekiston nomidan muomalaga chiqarilgan davlat qimmatli qog‘ozlarining maksimal sof hajmini 2025-yil uchun 30 trln so‘m (2024-yil uchun 25 trln so‘m edi) miqdorida belgilash rejalashtirilmoqda.

2025-yil davlat qarzini so‘ndirish uchun 46 trln 83,9 mlrd so‘m sarflanishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, davlat budjeti uchun xatarlarni kamaytirish maqsadida davlat tomonidan qabul qilinadigan majburiyatlar (sotib olish yoki to‘lab berish) va tasdiq xatlari berilishi talab qilinadigan barcha davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida imzolanadigan yangi loyihalar qiymatining cheklangan hajmi 6,5 mlrd dollar miqdorida belgilangan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 18-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda raqamlashtirish va sun’iy intellekt yordamida xarajatlarni optimallashtirish va daromadlarni oshirish muhimligini ta’kidlagandi. 2025-yilda 78 tuman o‘zini o‘zi moliyalashtirishga o‘tadi. Yig‘ilishda eksportni 25 foizga oshirish, mahalliylashtirish dasturini parlamentda tasdiqlash topshirig‘i berilgandi.

2030-yilga borib O‘zbekiston iqtisodiyoti hajmini 200 mlrd dollarga yetkazish rejalashtirilgan, bu avvalroq prognozdan (160 mlrd dollar) ko‘proq, deya ta’kidlagandi avvalroq Iqtisodiyot va moliya vazirligi rahbarining birinchi o‘rinbosari. 2027-yilda inflyatsiyani 5 foizgacha pasaytirish maqsadiga erishish kutilmoqda, bu Markaziy bank rejalashtirgan muddatdan kechroq. Shuningdek, budjet masalasida 2025-yil tejamkorlik va barqarorlik yili deb e’lon qilingan.

Davlat budjeti loyihasi va budjetnoma bilan batafsil havolalar orqali tanishish mumkin.