2024-yil 29-oktabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Dang‘ara tuman sudida saylovda bir kishi bir necha kishiga ovoz berishga yo‘l qo‘ygan shaxs ustidan sud bo‘lib o‘tdi. “Gazeta.uz” sud hujjatini o‘rgandi.
Hujjatda keltirilishicha, 2024-yil 27-oktabr kuni Xalq deputatlari tuman kengashiga o‘tkazilgan saylov jarayonida Dang‘ara tumanidagi 541-saylov uchastkasi saylov komissiyasi a’zosi M.A. fuqaro M.M.ga boshqa shaxslar nomidan ovoz berish uchun jami 4 tadan ortiq bo‘lgan saylov byulletenlarini berib, saylov o‘tkazish qonunchiligini buzilishiga yo‘l qo‘ygan.
M.A. o‘zining ushbu harakatlari bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51−10-moddasida (Saylov (ovoz berish) byulletenlarini berish tartibini buzish) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilgan. Huquqbuzar M.A. sudda sodir etgan huquqbuzarligiga to‘liq iqror bo‘lib, bu harakatlaridan chin ko‘ngildan pushaymonligi to‘g‘risida ko‘rsatuv bergan.
Sud M.A. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51−10-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topdi va unga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 1 (bir) baravari miqdorida — 375 ming so‘m jarima jazosini tayinladi.
Avvalroq Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizamxodjayev saylov uchastkalarida kuzatilgan kamchiliklar haqida xabar bergandi.
Xususan, ayrim saylov uchastkalaridagi ovoz berish xonalarida saylov jihozlarini Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilangan talablar asosida joylashtirilmagan. Ba’zi saylov uchastkalarida uchastka saylov komissiyalari a’zolari fuqaroga shaxsini tasdiqlovchi hujjatning mobil telefondagi elektron fotosurati asosida saylov byulletenlari berilgan.
Shuningdek, uchastka saylov komissiyalar faoliyatiga ko‘ngillilarni jalb qilib, ulardan foydalanilgan. Saylovchilar ro‘yxatida bo‘lmagan fuqaroni saylovchilar ro‘yxati ilovasiga kiritishda Markaziy saylov komissiyasining qarorida belgilangan harakatlar ketma-ketligiga to‘liq rioya etilmagan.
Bitta yashirin ovoz berish kabinasiga bir nechta saylovchilarning bir vaqtning o‘zida ovoz berishiga ayrim komissiyalar tomonidan yo‘l qo‘yib berilgan.