Farg‘ona viloyatida jamoat transportining yangi tabaqalashtirilgan narxlari belgilandi. Bu haqda viloyat hokimi Xayrulla Bozorov chiqargan qaror e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, endi viloyat jamoat transportida aholining turli toifalari uchun sayohat tariflari va “peresadkalar” vaqtida chegirmalarni nazarda tutuvchi yangi tabaqalashtirilgan tariflar amal qiladi.

Farg‘ona viloyatining shaharlarida, shahar yo‘lovchilar transportida yo‘lovchilar va bagaj tashish xizmatlarining cheklangan tarifi quyidagicha belgilandi.

  • avtobuslarda bir nafar yo‘lovchi uchun yo‘l haqi — 3000 so‘m (avval 2000 so‘m edi);
  • jamoat transportida elektron shaklda to‘langan to‘lov (transport kartasi, ATTO, bank kartalari) bir nafar yo‘lovchi uchun bir martalik rag‘batlantiruvchi yo‘l haqi tarifi — 2400 so‘m;
  • yo‘nalishli taksi (mikroavtobus)larda bir nafar yo‘lovchi uchun — 4000 so‘m (avval 3000 ming so‘m edi).

Bir soat ichida boshqa avtobusga o‘tkazilganda transport kartasi bilan to‘lashda tarif 1600 so‘mni, uchinchi va keyingi avtobuslarga esa 0 so‘mni tashkil etadi.

Aholining turli toifalariga turli davr uchun (1 kundan 1 yilgacha) avtobuslar uchun yo‘l haqi tariflari joriy etiladi: umumiy, nafaqadagilar, talabalar, o‘quvchilar uchun va bepul (bepul sayohat qilish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolar uchun).

7 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun shahar avtobuslarida sayohat bepul bo‘ladi.

Ma’lumot uchun, 2023-yil noyabrdan Toshkent shahri jamoat transportida yo‘l haqi naqd yoki bank kartasi orqali to‘lashda 1400 so‘mdan 2000 so‘mgacha, ATTO transport kartasi bilan to‘lov amalga oshirilganda esa 1700 so‘mgacha oshirilgandi.